Dual ta’limni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
2026-07-08 10:00:00 / Yangiliklar

Boyovut tumanida dual ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, kasb-hunar ta’limi sifatini oshirish hamda yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklarga tayyorlash masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Boyovut tumani hokimi Niyoz Xazratkulov, Kasbiy ta’lim hududiy boshqarmasi vakillari, texnikumlar rahbarlari hamda mutasaddi tashkilotlar ishtirok etdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-martdagi 163-son qarori ijrosi doirasida tumanda dual ta’limni tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalar yuzasidan axborot berildi.
Qayd etilishicha, 2025–2026-o‘quv yilida Boyovut tumanidagi 1- va 2-son texnikumlarda dual ta’lim tizimi asosida 132 nafar o‘quvchi "Tikuvchilik", "Avtomobillarni ta’mirlash" hamda "Sotuvchi-nazoratchi kassir" yo‘nalishlarida tahsil oldi. Shundan 77 nafar o‘quvchi (1-son texnikumda 20 nafar, 2-son texnikumda 57 nafar) o‘quv yilini muvaffaqiyatli tamomladi. Hozirgi kunda esa 1- va 2-son texnikumlarda 56 nafar 2-bosqich o‘quvchisi "Tikuvchilik" yo‘nalishida dual ta’lim asosida o‘qishni davom ettirmoqda.
Dual ta’limni samarali tashkil etish maqsadida 5 ta ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, "STELLA MODA" MCHJ, "BOYOVUT COTTON TEX" MCHJ, "IRODABONU" MCHJ, "ARSLON OTA IZDOSHLARI" MCHJ hamda Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi "Avtoklinika" MCHJ bilan tegishli shartnomalar imzolangan. Mazkur hamkorlik asosida o‘quvchilar haftaning uch kuni texnikumda nazariy bilimlarni egallasa, qolgan uch kun ishlab chiqarish korxonalarida amaliyot o‘tash orqali kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlab bormoqda.
Yig‘ilishda 2026–2027-o‘quv yili uchun belgilangan rejalar ham muhokama qilindi. Unga ko‘ra, 1- va 2-son texnikumlarda 5 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 270 nafar o‘quvchini dual ta’lim asosida o‘qitish rejalashtirilgan. Xususan, 1-son texnikumda "Moda va tikuv ishlab chiqarish texnologiyasi" hamda "Sotuvchi-kassir", 2-son texnikumda esa "Chiqindilarni qayta ishlash va boshqarish", "Dendrologiya va landshaft agronomiyasi" hamda "Zooinjeneriya (faoliyat turlari bo‘yicha)" yo‘nalishlari bo‘yicha yangi guruhlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlanganidek, dual ta’lim tizimining asosiy afzalligi shundaki, o‘quvchilar ta’lim muassasasida olgan nazariy bilimlarini bevosita ishlab chiqarish jarayonida mustahkamlaydi. Shu bilan birga, ular amaliyot davrida mehnat faoliyatida ishtirok etib, ish haqi olish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi.


