Boyovutda ochiqlik va shaffoflik masalalari muhokama qilindi
2026-04-28 10:00:00 / Yangiliklar

Boyovut tumani Yoshlar ishlari bo‘limi rahbari Anvar Jabborov tomonidan “Ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash — korrupsiyaning oldini olish omili” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda ommaviy axborot vositalari vakillariga sohada amalga oshirilayotgan ishlar va ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, yoshlar bilan ishlash tizimida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsion holatlarning oldini olish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda barcha jarayonlarda inson omilini kamaytirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hamda xizmatlarni ochiq va adolatli tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Matbuot anjumanida yoshlar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish, turli loyihalar va dasturlar orqali qo‘llab-quvvatlash jarayonlarida shaffof mexanizmlar joriy etilayotgani qayd etildi. Shuningdek, “Yoshlar daftari” orqali ko‘rsatilayotgan yordamlar, subsidiya va imtiyozlarni ajratishda adolat tamoyillariga qat’iy amal qilinayotgani alohida ta’kidlandi.
Bundan tashqari, yoshlar bilan ishlashda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, ular o‘rtasida huquqiy savodxonlikni oshirish hamda bu borada keng qamrovli targ‘ibot ishlari olib borilayotgani qayd etildi.
Anvar Jabborov o‘z so‘zida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash orqali nafaqat tizim samaradorligini oshirish, balki yoshlarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash mumkinligini alohida ta’kidladi.



