Muhim loyihalar va amaliy natijalar muhokama qilindi
2026-04-27 10:00:00 / Yangiliklar

Boyovut tumani hokimligi tomonidan ijtimoiy tarmoq faollari va OAV vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, ularning hududdagi ijrosi hamda erishilayotgan natijalar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, yurtimizda olib borilayotgan izchil islohotlar iqtisodiyot barqaror o‘sishini ta’minlash bilan birga, aholi turmush darajasini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi “2026–2028-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-393-sonli qaroriga asosan tumanda qator ijtimoiy obyektlarda qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Yangiobod mahallasidagi 33-sonli, Paxtakor mahallasidagi 14-sonli hamda Sarmich mahallasidagi 45-sonli umumta’lim maktablari rekonstruksiya qilinmoqda. Shuningdek, Uchturgon mahallasidagi 5-sonli umumta’lim maktabi hamda Bunyodkor mahallasidagi 1-oilaviy poliklinika binosini mukammal ta’mirlash ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Hozirda ushbu obyektlar bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, pudrat tashkilotlari aniqlangan va qurilish ishlari boshlangan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 665-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tumandagi ichki yo‘llarni saqlash va joriy ta’mirlash bo‘yicha 2026-yilga mo‘ljallangan manzilli dastur tasdiqlangan. Mazkur dasturga muvofiq, 24 kilometrdan ortiq ichki yo‘llarda shag‘allashtirish ishlari amalga oshiriladi. Hozirda loyiha hujjatlari ishlab chiqilib, tegishli tartibda elektron platformaga joylashtirilmoqda.
Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2026-yil bahor mavsumida 670 ming dona mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar ushbu reja 102 foizga bajarilib, 670 ming donadan ziyod ko‘chatlar ekildi. Ekinlarga agrotexnik ishlov berish va sug‘orish ishlari muntazam ravishda olib borilmoqda.
Matbuot anjumanida qayd etilganidek, amalga oshirilayotgan barcha ishlar ustidan tizimli nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, belgilangan loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli yakunlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.


