“Turon” maktab teatri yangi iste’dodlarni kashf qilmoqda
2026-03-18 10:00:00 / Yangiliklar

Boyovut tumanidagi madaniyat saroyida Maktabgacha va maktab ta'limi, "Kelajak markazi" hamda Madaniyat vazirliklari hamkorligida tashkil etilgan "Turon" maktab teatri tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Maktab teatri studiyalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, o‘quvchilarning ijodiy va intellektual qobiliyatlarini rivojlantirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda iqtidorli yoshlarni aniqlash, ular iste’dodini yuzaga chiqarish maqsadida tashkil etilgan tanlovning tuman bosqichida 7-10-sinf o‘quvchilaridan iborat 17 ta jamoa ishtirok etdi.
Jamoalar ishtirokchilari “Bizning maktab” nomli tanishtiruv va savol-javob hamda “Teatr – ibratxona” shartlarida o‘z iqtidorlarini namoyish etdi. Tanlovda ishtirok etgan jamoalar milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan spektakllar, tarixiy-falsafiy mavzudagi sahna kompozisiyalari hamda zamonaviy yoshlar hayotini aks ettiruvchi chiqishlar bilan o‘zaro raqobatlashdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 41-umumta’lim maktabining “Buyuk Turon avlodlari” jamoasi tanlovda eng yuqori natija ko‘rsatib, 1-o‘rinni egalladi va viloyat bosqichi yo‘llanmasini qo'lga kiritdi. 36-umumta’lim maktabi jamoasi 2-o‘rinni, 43-umumta’lim maktabi jamoasi esa 3-o‘rinni egallashdi.
Tanlov yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar, shuningdek, faol ishtirokchilar munosib taqdirlandi.
Boyovut tumani hokimligi Axborot xizmati




