“Rahbar va yoshlar uchrashuvi”
2026-03-27 11:50:00 / Yangiliklar

Beruniy tuman Yoshlar markazida har payshanba kuni an'anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” doirasida navbatdagi uchrashuv bo'lib o'tdi. Mazkur uchrashuv O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari Z.Maxkamova ishtirokida tashkil etildi. Unda yoshlar bilan ochiq muloqot o'rnatish, ularning muammo va takliflarini tinglash, bandligini ta'minlash, tadbirkorlikka jalb qilish hamda yoshlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Uchrashuvda tuman hokimligi mutasaddilari, tegishli tashkilot va idora rahbarlari hamda faol yoshlar ishtirok etdilar.
Muloqot davomida yoshlar tomonidan ta'lim, ish bilan ta'minlash, tadbirkorlik faoliyatini boshlash, imtiyozli kreditlar olish, kasb-hunar o'rganish va bo'sh vaqtni mazmunli tashkil etishga oid qator masalalar ko'tarildi. Shuningdek, yoshlarning tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash, ularni turli loyihalarga jalb etish, sport va madaniy tadbirlarni kengaytirish orqali yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Mutasaddilar tomonidan har bir murojaat yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi hamda ayrim masalalar joyida hal etildi. Qolgan murojaatlar ijrosini ta'minlash bo'yicha mas'ullarga aniq vazifalar yuklatildi. Uchrashuv yakunida yoshlarni qo'llab-quvvatlash, ularning muammolariga tezkor yechim topish hamda kelgusida bunday muloqotlarni yanada samarali tashkil etish bo'yicha tegishli topshiriqlar berildi.







