Prezident Farmoni ijrosi yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
2026-03-27 11:25:00 / Yangiliklar

O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari Z.Maxkamova tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo'ravonlik holatlarining oldini olish bo'yicha qo'shimcha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar to'g'risida”gi 33-sonli Farmoni ijrosini ta'minlashga bag'ishlangan Respublika miqyosida ZOOM platformasi orqali yig'ilish tashkil etildi. Yig'ilishda tuman hokimligi mutasaddilari, Oila va xotin-qizlar bo'limi boshliqlari, ichki ishlar bo'limlari xodimlari, imom-xatiblar, mahallalar uyushmasi vakillari, “Nuroniy” jamg'armasi faollari hamda mahallalardagi xotin-qizlar faollari ishtirok etdi.
Tadbir davomida mazkur Farmonning mazmun-mohiyati, uning ahamiyati va ijrosini ta'minlash borasida joylarda amalga oshirilishi lozim bo'lgan vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Xususan, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, oilalarda sog'lom muhitni shakllantirish, tazyiq va zo'ravonlik holatlarining oldini olish bo'yicha manzilli ishlar olib borish zarurligi ta'kidlandi. Shuningdek, mahallalar kesimida profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, muammoli oilalar bilan manzilli ishlash, xotin-qizlarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, ularning bandligini ta'minlash hamda huquqiy savodxonligini oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Yig'ilish ishtirokchilari tomonidan sohadagi mavjud muammolar muhokama qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan amaliy takliflar bildirildi. Barcha mutasaddilarga Farmon ijrosini ta'minlash, ayollar va bolalarni har tomonlama himoya qilish hamda jamiyatda sog'lom ijtimoiy muhitni shakllantirish bo'yicha aniq vazifalar yuklatildi.



