Sharafli kasb egasi
2026-03-04 18:05:00 / Yangiliklar

Shifokor-tanamiz og‘riqli paytda yordam beradigan, o‘zining so‘zi va tavsiyasi bilan davolab, jonimizga oro kiradigan kasb egasi, shu bilan birga tibbiyot sohasidagi mas’uliyat insonning hayoti bilan bog‘liq. Shuning uchun bo‘lsa kerak shifokorlar ham o‘z egallagan kasbining fidoiysi bo‘lib, yillar davomida ishiga o‘zini baxsh etadi. Beruniy tumanining olis hududi Abay ovul fuqarolar yig‘inidagi 8-sonli oilaviy poliklinikada 32-yildan beri faoliyat yuritayotgan Svetlana Adilova o‘z kasbining biz aytayotgan fidoiy rahbarlaridan biri. Ish faoliyati davomida ko‘plab insonlarning dardiga davo bo‘lgan. Bugungi kunda Hurmatli Prezidentimizning tibbiyot sohasiga berayotgan e’tibori, ona va bola salomatligi yo‘lida olib borilayotgan amaliy harakatlari tibbiyotdagi islohotlar inson qadri uchun degan g‘oyani o‘z ichiga oladi. Abay ovul fuqarolar yig‘inidagi 8-sonli oilaviy poliklinikaga 8857 nafar aholi biriktirilgan, shulardan 4323 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Ularga o‘z vaqtida yordam berish, ko‘riklardan o‘tkazish, tug‘ruq yoshidagi va homilador ayollarga maslahatlar berish bo‘yicha barcha ishlar tashkil etilgan. 25 nafar tibbiyot xodimlari bilan birgalikda ahil jamoani tashkil etgan. Zamonaviy ultra tovush tekshiruvlari, labaratoriya, stomatolog, kardiolog ko‘riklari doimiy faoliyat yuritadi. Rahbar ayol bo‘lish bu fidoiylik. Mas’uliyatli vazifa, har kunlik ish, oila va farzand tarbiyasi, qarindosh-urug‘ orasidagi muvozanatni birdek olib borish ayoldan katta mehnat talab qiladi. Bunday matonat faqat ayollarga xos bo‘ladi desak adashmagan bo‘lamiz. Kichik qalbiga keng dunyoni sig‘dirgan ayol zotiga qanchalik ehtirom qilsak arziydi. Bayram arafasida vatanimiz ravnaqi uchun tinmay mehnat qilayotgan barcha ayollarni 8-mart “Xalqaro xotin-qizlar kuni” bilan tabriklaymiz.







