Ramazon-mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi
2026-02-28 21:15:00 / Yangiliklar

Islom olamidagi muborak Ramazon oyini birdamlikda o‘tkazish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida Hurmatli Prezidentimizning tashabbusi bilan Respublikamiz bo‘ylab ko‘plab xayrli va savobli ishlar amalga oshirilmoqda. Birgina Beruniy tumanida kambag‘allik reestrida turgan ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan, yakka-yolg‘iz yashovchi 5854 ta xonadonlarga Prezidentimizning Ramazon oyi munosabati bilan bir martalik moddiy yordam mablag‘lari berildi.
Hurmatli Prezidentimizning Ramazon oyi kirib kelishi munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan tabrigida “El-yurtimizning ijtimoiy-ma’naviy hayotida alohida o‘rin tutadigan, insonni ezgu va savob ishlarga da’vat etadigan ushbu oyni munosib tarzda o‘tkazish maqsadida bu yil ham mamlakatimizda katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, mahalla va uy-joylar, masjid va madrasalarni obod qilish, keksa, nogiron va yordamga muhtoj shaxslarning holidan xabar olish, qo‘shnilar, yaqin qarindoshlarga mehr va e’tibor ko‘rsatish, ibodat va iftor marosimlarini tartibli o‘tkazishga xonadon va mahalla ahllari, jamoatchilik vakillari tarafidan alohida ahamiyat berilmoqda” deya ta’kidlab o’tgan edi.
Bularning barchasi bebaho boyligimiz bo‘lgan tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini, insonparvarlik tamoyillarini mustahkamlash, yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qilishi tabiiy, albatta. Ramazon oyining ulug‘ fazilatlari, axloqiy-ma’naviy ahamiyati aynan ana shunday olijanob ishlarda yaqqol namoyon bo‘ladi, desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Bugun Beruniy tumanida Davlat Bojxona qo‘mitasi hamda Beruniy tumani hokimligi bilan birgalikda ro‘zadorlar uchun iftorlik dasturxoni yozildi. Ramazon-mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi, bu oydagi eng yaxshi va ezgu amallarimiz, har birimizning qilgan savob ishlarimiz ulug‘lanadigan oy. Iftorlik boshlanishi arafasida tuman imom xatiblari tomonidan Qur’oni Karim tilovat qilinib, tinchligimizga shukronalar aytilib, islohotlarimiz davomli bo‘lsin deya fotiha o‘qildi.
Bir piyola choy va iftorlik dasturxoni atrofida yaqinlar bir-biri bilan mazmunli va maroqli suhbatlar qildi. Bunday quvonch tinch yurtimizga, bag‘rikeng xalqimizga yarashadi. Ramazon oyi barcha musulmon ahliga muborak bo‘lsin.








