Ipakchilik sohasini yanada rivojlantirishga bag'ishlangan seminar bo'lib o'tdi.
2026-02-24 10:05:00 / Yangiliklar

Yurtimizda ipakchilik sohasini yanada rivojlantirish, bu yo'nalishda yangi tajribalarni va ilmni qo'llash orqali mo'l hosil yetishtirish, shuningdek, qishloq joylarida pilla yetishtirish orqali aholini ayniqsa, xotin-qizlarni ish bilan band qilish maqsadida Toshkent davlat agrar universiteti "Ipakchilik va tutchilik" kafedrasi, Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan hamkorlikda Beruniy tumanida tumanlararo o'quv seminari bo'lib o'tdi. Unda Chimboy, Kegeyli, Nukus tumani, Shomanay, Xojeli, Taxiatosh, Ellikqala, Amudaryo, Beruniy va To'rtkul tumanlarning hokim o'rinbosarlari, Oila va xotin-qizlar bo'limi boshliqlari, pilla klasterlari, agronomlar ishtirok etdi. Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari tomonidan Qoraqalpog'istondagi issiq iqlim sharoitida ipakchilik sohasini rivojlantirishga alohida yondashish zarurligi, bu esa agronomlardan katta tajriba talab qilishini ta'kidlab o'tdi. Hurmatli Prezidentimiz tomonidan pillachilik sohasidagi qabul qilinayotgan qarorlar, ulardagi yengilliklar sabab ko'plab xotin-qizlarning ish bilan bandligi ta'minlanib, ularning oilasiga qo'shimcha daromad manbalari yaratilmoqda. Aynan shu yo'nalishdagi ishlar rivojiga bag'ishlangan seminar davomida ishtirokchilar o'zlari uchun muhim ma'lumotlarga ega bo'ldi va sohaga tegishli savollarga javoblar oldi.



