Korrupsiyaga oid qonun xujjatlari mazmun mohiyati
2026-02-09 15:40:00 / Yangiliklar

Korrupsiya - bu jamiyatga turli yo‘llar bilan ta’sir o‘tkazadigan dahshatli illat. Ushbu illat demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlarining buzilishiga, qonun ustuvorligining izdan chiqishiga, shuningdek, bozor iqtisodiyoti islohotlariga to‘sqinlik qilib, hayot sifatini yomonlashtirib, insonlar xavfsizligiga tahdid soladigan salbiy oqibatlarni yuzaga keltirishga sabab bo‘ladi. Achinarlisi, har qanday shaxsda, u oddiy fuqaro yoki mansabdor shaxs bo‘lsin, ularga nisbatan davlatga hamda qonun ustuvorligiga nisbatan ishonchning yo‘qolishiga hamda javobgarlikning muqarrarligi tamoyilining inqirozga uchrashiga olib keladi. Natijada mansabdor shaxslarning pora olishi va mansab vakolatlaridan qasddan foydalanishi odatiy holat sifatida qabul qilinishi, oddiy fuqarolarda esa "pora bermasdan masalani hal qilish mumkin emas" degan psixologiya va instinktning shakllanishiga olib keladi. Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev prezidentlik lavozimiga kirishishining ilk kunlaridayoq, ya’ni 2017-yil 3-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi Qonunni imzoladi. Ushbu Qonunga ko‘ra, korrupsiyaga quyidagicha ta’rif berildi, ya’ni korrupsiya - shaxsning mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud boshqa shaxsning manfaatini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishdir. Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga qarshi qat’iy munosabatlarni shakllantirish, davlat va jamiyat rivojlanishining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlash ekanligi belgilandi.
Shuningdek, Prezidentimizning "O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi 2020 yil 29 iyun kungi PF-6013-sonli Farmonining qabul qilinishi mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida katta burilish yasadi. Chunki, mazkur Farmonda O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilishi belgilandi. Unga ko‘ra, agentlik korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish, davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa nodavlat sektor vakillarining birgalikdagi samarali faoliyatini ta’minlash, shuningdek, ushbu sohadagi xalqaro hamkorlik uchun mas’ul bo‘lgan maxsus vakolatli davlat organi hisoblanib, o‘z faoliyatini qonuniylik, xolislik, hisobdorlik, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida boshqa davlat organlari, muassasalari va ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bo‘ysunadi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari oldida hisobot beradi.
Farmonga ko‘ra, agentlikning vazifalari va yo‘nalishlari sifatida, mamlakatda korrupsiya holati tizimli tahlil qilinishini ta’minlash, shuningdek, korrupsiyaga oid xavf yuqori bo‘lgan sohalar hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini, korrupsiyaga oid huquqbuzarlikning tizimli sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasi samaradorligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, xalqaro standartlarni va ilg‘or xorijiy amaliyotni joriy etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish, davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimini joriy etishi va samarali faoliyatni amalga oshirishni hamda deklaratsiyalarning haqiqiyligi tekshirilishini tashkil etish, shuningdek, ushbu yo‘nalishda aniqlangan korrupsiya holatlariga o‘z vaqtida ta’sir choralari ko‘rilishini ta’minlash, davlat xizmatiga halollik standarti ("halollik vaksinasi") va manfaatlar to‘qnashuvini hal etish standartlarini joriy etishga ko‘maklashish bo‘yicha ta’sirchan choralarni ko‘rish kabi bir qator muhim yo‘nalishlar belgilandi. Xulosa o‘rnida aytish joizki, korrupsiyaga qarshi kurashish nafaqat korrupsiyaga qarshi kurashish organlarining, balki har birimizning vazifamizdir. Shundagina biz mamlakatimizni korrupsiyadan xoli hududga aylantirishga, qonuniy, demokratik davlatga aylanishiga va aholining yaxshi turmush sharoitlarida yashashiga erishamiz.
Nukus tumanlararo ma’muriy
sudi sudya yordamchisi A.Kenesbaeva
