Bektemir - eng tez rivojlanayotgan hudud
Bektemir tumanida so‘nggi yillarda qulay tadbirkorlik va investitsiya muhitini yaratish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda. Xususan, 2025-yilda tumanda 201 million AQSH dollari miqdorida investitsiyalar o‘zlashtirildi. Shundan 190,7 million AQSH dollari xorijiy investitsiyalar hissasiga to‘g‘ri kelib, belgilangan prognoz ko‘rsatkichi 102 foizga bajarildi hamda o‘sish sur’ati 145 foizni tashkil etdi.
Investitsiya dasturi doirasida 2025-yilda umumiy qiymati 98,9 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 37 ta loyiha ishga tushirilib, 891 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, Hududiy investitsiya dasturi doirasida amalga oshirilgan loyihalar natijasida umumiy qiymati 2 198,7 milliard so‘m (166,5 million AQSH dollari) bo‘lgan 33 ta loyiha foydalanishga topshirilib, 1 005 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Bu esa belgilangan ko‘rsatkichlardan yuqori natijalarga erishilganini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda Bektemir tumanida jami 4 732 ta tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Shundan 3 008 tasi yuridik shaxslar bo‘lib, ularning 2 792 tasi kichik biznes subyektlari, 216 tasi esa yirik korxonalar hisoblanadi. Bundan tashqari, tumanda 1 724 nafar yakka tartibdagi tadbirkor faoliyat olib bormoqda.
E’tiborlisi, tumandagi yuridik korxona va tashkilotlarning 92,8 foizi kichik biznes subyektlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu esa xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish va yangi biznes loyihalarini amalga oshirish uchun yaratilgan qulay sharoitlarning amaliy natijasidir. Shuningdek, tumanda 288 ta xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonaning faoliyat yuritayotgani Bektemirning investitsiyaviy jozibadorligi yuqori ekanidan dalolat beradi.
Yuqoridagi ko‘rsatkichlar Bektemir tumanida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish hamda aholi bandligini ta’minlash borasida samarali ishlar olib borilayotganini tasdiqlaydi. Natijada tuman poytaxtning iqtisodiy jihatdan jadal rivojlanayotgan hududlaridan biriga aylanib bormoqda.
