30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan o'tkazilgan Bektemir tumani hokimining nutqi
2026-07-02 19:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan
Bektemir tumani hokimining nutqi
Hurmatli yoshlar, aziz o‘g‘il-qizlar!
Sizlarni 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida yoshlar siyosati ustuvor yo‘nalish sifatida izchil davom etmoqda. Bektemir tumanida ham yoshlarning zamonaviy bilim olishi, sport bilan shug‘ullanishi, kasb egallashi, ilm-fan va texnologiyalarni o‘zlashtirishi uchun keng imkoniyatlar yaratish doimiy e’tiborimiz markazida.
Joriy yilda ta’lim tizimida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. 4 ta maktab hamda 1 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti kapital ta’mirlanib, qo‘shimcha binolari foydalanishga topshirildi. Yangi bog‘cha bunyod etildi. Hozirda yana bir zamonaviy maktab qurilishi hamda yana bir maktabni kapital ta’mirlash va qo‘shimcha bino qurish ishlari davom etmoqda. Bu maskanlar sizlarning bilim olishingiz, zamonaviy sharoitlarda kamol topishingiz uchun xizmat qiladi.
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va iste’dodini ro‘yobga chiqarish maqsadida sport maktabiga 1 milliard 400 million so‘m, madaniyat yo‘nalishini rivojlantirish va to‘garaklar faoliyatini kengaytirish uchun 500 million so‘m, Respublika televideniye va radio texnikumida texnik laboratoriya tashkil etish uchun esa 300 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Bu investitsiyalar kelajakka, sizlarning salohiyatingizga qilingan sarmoyadir.
Bu yil 950 nafar bitiruvchi maktabni tamomladi. Ularning 22 nafari oltin, 7 nafari kumush medal bilan taqdirlandi. IELTS sertifikatini yuqori natijalar bilan qo‘lga kiritgan 10 nafar o‘quvchiga kompyuter jamlanmalari topshirildi. Uch nafar iqtidorli yosh Xitoy Xalq Respublikasiga sayohat yo‘llanmasi bilan rag‘batlantirildi. Kitobxonlik tanlovlari g‘olibi bo‘lgan 150 nafardan ortiq o‘quvchi Samarqand shahriga sayohat qildi. Bu natijalar Bektemir yoshlari bilimli, izlanuvchan va ulkan marralarni zabt etishga qodir ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Aziz yoshlar!
Sizlardan faqat yaxshi o‘qish yoki yaxshi ishlash emas, balki tashabbuskor bo‘lish, yangilik yaratish, jamiyat hayotida faol ishtirok etish, Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishni kutamiz. Bugungi dunyoda eng katta boylik – bilim, eng katta kuch – tafakkur, eng katta imkoniyat esa o‘z ustida ishlashdir.
Har biringiz o‘z oldingizga katta maqsad qo‘ying. Chet tillarini o‘rganing, zamonaviy kasblarni egallang, kitob mutolaa qiling, sport bilan shug‘ullaning, ota-onangiz va ustozlaringiz ishonchini oqlang. Bektemirning har bir mahallasidan olimlar, muhandislar, shifokorlar, tadbirkorlar, sport chempionlari va davlat arboblari yetishib chiqishiga ishonamiz.
Biz bundan buyon ham yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, zamonaviy ta’lim va infratuzilmani rivojlantirish yo‘lidagi ishlarni izchil davom ettiramiz.
Qadrli yoshlar!
Kelajak sizning qo‘lingizda. Bugun qilayotgan har bir ezgu ishingiz, olayotgan har bir bilimingiz, erishayotgan har bir yutug‘ingiz nafaqat shaxsiy muvaffaqiyatingiz, balki Vatanimiz ravnaqiga qo‘shilgan munosib hissadir.
Sizlarga mustahkam sog‘liq, cheksiz g‘ayrat, yuksak marralar, baxt va omad tilayman. Hech qachon orzularingizdan voz kechmang. Doimo izlaning, intiling va Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qiling.
Yoshlar kuni barchangizga muborak bo‘lsin! Yangi zafarlar, yangi g‘oyalar va ulkan muvaffaqiyatlar doimo sizlarga hamroh bo‘lsin!
Hurmat bilan, Bektemir tumani hokimi Nurilla Abduraxmanov
