Hokimiyat haqida
Arnasoy tumani – Jizzax viloyatidagi tuman, 1975-yil 26-noyabrda tashkil etilgan.
Shimoliy va shimoli-gʻarbda Forish tumani, janubida Zafarobod tumani, janubi-sharqda Paxtakor tumani, sharqda Doʻstlik tumani, shimoli-sharqda Mirzachoʻl tumanlari bilan chegaradosh.
Maydoni 0.49 ming km².
Aholisi 50 mingdan ortiq kishi.
Arnasoy tumanida 11 mahalla fuqarolar yigʻini (Doʻstlik, Baxtli, Choʻlquvar, Yangiboʻston, Gʻoliblar, G‘.G‘ulom, Oltin vodiy, Bobur, Chinobod, Tinchlik, Bo‘ston) bor. Markazi – Gʻoliblar shaharchasi.
Tabiati
Tuman relyefi asosan tekislik va pasttekisliklardan iborat. Yer yuzasi shimoliy va shimoli-gʻarbdan janubiy va janubi-sharqqa tomon asta-sekin koʻtarila boradi.
Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi – 5° C, iyulniki 30° gacha.
Yiliga oʻrtacha 150-300 mm yogʻin tushadi.
Arnasoy tumanining shimoliy qismida Aydar koʻli joylashgan.
Tuprogʻi asosan boʻz-qoʻngʻir tuproq, shimoli-sharqiy qismida qisman shoʻrxoklar bor.
Tumanning choʻl joylarida chala butalar, saksovul, efemer va efemeroidlar oʻsadi.
Kemiruvchilardan qoʻshoyoqlar, yumronqoziq, quyon; sudralib yuruvchilardan kaltakesak, ilonlar; yirtqichlardan boʻri, tulki, boʻrsiq; hasharotlardan chayon, falanga; qushlardan toʻrgʻay, soʻfitoʻrgʻay, boyoʻgʻli yashaydi.
Arnasoy tumani hududida Arnasoy davlat ornitologiya buyurtma hududi tashkil etilgan.
Aholisi: asosan, oʻzbeklar; shuningdek rus, qozoq, tojik, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi.
Xoʻjaligi
Arnasoy tumani xoʻjaliklari paxtachilik, gʻallachilik, polizchilik, chorvachilik, baliqchilikka ixtisoslashgan.
1 ta paxta tozalash zavodi, 3 ta paxta qabul qilish maskani bor.
Arnasoy tumanida 13 ta jamoa xoʻjaligi mavjud.
31581ga ekin yer maydoni mavjud bo‘lib, shundan, 8500 ga yerga paxta, 6100 ga yerga gʻalla, 3154 ga yerga poliz, 626 ga yerga sabzavot, 2470 ga yerga dukkakli don, 3418 ga yerga moyli ekin, 5159 ga yerga ozuqa (yem-xashak) va boshqa ekinlar 2154 ga ni tashkil qiladi.
Ijtimoiy sohasi
2025/2026 oʻquv yilida 21 ta umumtaʼlim maktablarida 7687 nafar oʻquvchi taʼlim olmoqda.
49 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida qariyb 3576 nafar bola tarbiyalanmoqda.
1 ta madaniyat markazi, 1 ta kutubxona, 1 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, 5 ta ambulatoriya, 2 ta oilaviy shifokrlik punkti, 2 ta oilaviy poliklinika boʻlib, 45 nafar vrach, 300 dan ziyod oʻrta maʼlumotli tibbiy xodimlar ishlaydi.
“Arnasoy tongi” tuman gazetasi 1977-yildan chiqarila boshlagan.
