101 O‘ZBEK O‘GLONI – TARIX VA HOTIRANING TIRIK TASVIRI
2025-05-23 09:25:00 / Jamiyat

Arnasoy tumanida ma'naviyat ziyosi yondirildi. Tuman Madaniyat markazida o‘tkazilgan kinokarvon tadbirida Bobur va G‘afur G‘ulom mahallalari aholisi Ikkinchi jahon urushi davrida fashizmga qarshi kurashda halok bo‘lgan 101 jasur o‘zbek o‘gloni haqidagi hujjatli filmni tomosha qilishdi.
Film – shunchaki kino emas. Bu tarix. Bu hotira. Bu el-yurti uchun jonini fido qilgan fidoiylarning og‘riqli, biroq faxrli sarguzashti. Tomoshabinlar ekranda fashistlar zarbasiga uchragan o‘zbek o‘g‘lonlarining jasorati, ularning oxirgi nafasigacha kurashgan irodasi bilan yuzma-yuz keldilar. Yuraklar larzaga keldi, ko‘zlar namlandi.
Filmdan so‘ng Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi Arnasoy tuman bo‘linmasi va tuman Din ishlari qo‘mitasi vakillari ishtirokida mulohazalar almashildi. Fikrlar samimiy, taassurotlar ta'sirli edi. Ko‘pchilik filmda aks etgan voqealarning tarixiy haqiqatiga amin bo‘lganini, bunday qahramonlar ruhini yoshlarimiz qalbida tirik saqlash lozimligini ta'kidlashdi.
Har bir elning tarixi – uning iftixoridir. “101 o‘zbek o‘gloni” – bu nafaqat kino, balki el yuragida muhrlangan ruhiy saboqdir. Arnasoyliklar bu saboqni qalblarida olib ketishdi.
Rustam NURMATOV
Arnasoy tumani hokimining Matbuot kotibi



