Arnasoy tumani hokimi AQShda tahsil olayotgan yosh bilan uchrashdi
2025-05-21 10:05:00 / Ochiq ma'limolar

Arnasoy tumani hokimi Odil Musanov AQShning Arizona shtatidagi nufuzli Arizona University (Arizona universiteti) Jurnalistika fakultetida tahsil olayotgan iqtidorli yoshlardan biri — Asadbek Abdishuqurov bilan uchrashdi.
Samimiy ruhda o‘tgan muloqot chog‘ida Arnasoy tumanida ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va katta loyihalar haqida so‘z bordi. Hokim ta’lim tizimidagi yangilanishlar, maktablar infratuzilmasini yaxshilash, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish kabi yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.
Muloqot davomida Asadbek Abdishuqurov o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari va kelgusida Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish niyati haqida so‘zlab berdi.
– Ingliz tili kelajakda yutuqlarga erishish uchun eng muhim ko‘priklardan biri hisoblanadi,-deydi Asadbek Abdishuqurov. – Bugungi kunda xalqaro dasturlarning deyarli barchasi ingliz tilida olib boriladi. Shu bois, bu tilni o‘rganish orqali yoshlar oldilarida keng imkoniyatlar eshigini ochishlari mumkin. Yoshlar tushunib yetishlari kerak: ingliz tilini bilish – ularni yorqin kelajak sari olib boruvchi 10 qadamning birinchisidir. Bu til ularni yangi bilimlar, tajribalar va imkoniyatlar olamiga yetaklaydi.
Tuman hokimi Odil Musanov esa bunday bilimli va tashabbuskor yoshlarning yurtimiz kelajagi ekanligini ta’kidlab, ularni doimo qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi.
Bu kabi uchrashuvlar yosh avlodni ilm olishga, yurtiga xizmat qilishga ilhomlantiradi va ularga yanada katta imkoniyatlar eshigini ochadi.
Rustam NURMATOV
Arnasoy tumani hokimining matbuot kotibi





