Aydar – Arnasoy: Turizmda yangi davr, yangi sahifa!
2025-05-13 14:30:00 / Yangiliklar

Ba’zan inson tabiat qo‘ynida tinchlik izlaydi. Ba’zan esa – ilhom, hayotga kuch va shijoat. Aydar – Arnasoy ko‘llar tizimi ana shunday tabiiy mo‘’jizalardan biridir. O‘zbekistonning qa’rida joylashgan bu go‘zal manzil endi nafaqat tabiat sevarlar uchun, balki sog‘lom turmush, faol dam olish va yuqori xizmatlar izlovchilar uchun ham yangi imkoniyat eshiklarini ochmoqda.
Bu endi oddiy turistik zona emas – bu kelajak sari intilayotgan, har bir qarichi reja va mehnat bilan boyitilayotgan ulkan loyiha!
Baxtli mahallasidagi Navro‘z qo‘rg‘onidan to Aydar – Arnasoy ko‘ligacha bo‘lgan 4 kilometrlik masofada toza ichimlik suvi va 10 kVlik elektr tarmoqlari tortilib, asfaltlangan yo‘llar orqali endi sayyohlarning sayohati faqat go‘zalliklar bilan emas, qulayliklar bilan ham boyitiladi. Bu infratuzilma nafaqat mehmonlar uchun, balki mahalliy aholi uchun ham farovon hayotga qo‘yilgan mustahkam qadamlardir.
Aydar – Arnasoy sohilida barpo etilayotgan “Aydarko‘l tibbiyot markazi” – sog‘lom turizmning yuksak namunasi. 4,76 gektar maydonda qad rostlayotgan sanatoriy nafaqat tibbiy xizmatlar, balki shinam dam olish, ruhiy ozodlik va tabiiy shifo bilan ham sayyohlarni o‘ziga rom etadi. Zamonaviy uskunalar, shifobaxsh balchiq bilan tabiiy davolash usullari, eng muhimi – tinchlik va tabiat bag‘rida shifo topish imkoni bu maskanni sevimli manzilga aylantirmoqda.
Qurilayotgan mehmonxona – bu faqat turar joy emas. Bu – madaniyat, ozodlik va xizmat madaniyatining yangi qiyofasi. 4,17 gektar maydonda qurilayotgan, 200 o‘ringa mo‘ljallangan bu zamonaviy bino har bir mehmonga o‘zini qadrli his qildiradi. Lyuks xonalar, 128 o‘rinli ovqatlanish zali va milliy an’analar bilan uyg‘unlashgan zamonaviy dizayn – bularning barchasi turizm sohasidagi yangi nafasdir.
Aydar – Arnasoy hududida qurilishi rejalashtirilayotgan aerodrom – bu nafaqat texnik yutuq, balki strategik burilish nuqtasidir. Endi mazkur hududga havo orqali oson yetib borish mumkin bo‘ladi. 2,4 gektar maydonda barpo etiladigan bu loyiha sayyohlar uchun qulaylik, mahalliy aholi uchun esa yangi ish o‘rinlari va iqtisodiy rivoj demakdir.
Sohil bo‘ylab qurilayotgan kempinglar, milliy uslubdagi o‘tovlar, arzon xostellar, suv transporti, savdo do‘konlari, sport maydonlari va bolalar uchun maydonchalar – bularning har biri Aydar – Arnasoyni O‘zbekiston turizm xaritasida yangi yulduzga aylantiradi. Bu yerda nafaqat sayr qilish, balki hayotdan zavq olish mumkin.
Aydarko‘l faqat dam olish emas, balki iqtisodiy imkoniyat maskani hamdir. Ko‘lda baliq ovlash va sadok usulida baliq yetishtirish keng yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar uchun yangi daromad manbai, mamlakat iqtisodi uchun esa yana bir taraqqiyot yo‘lidir.
Aydar – Arnasoy hududida olib borilayotgan ishlar – bu shunchaki infratuzilmaviy o‘zgarishlar emas. Bu – inson va tabiat uyg‘unligining hayotbaxsh namunasi. Bu – sayyohlik orqali iqtisodiyotni yuksaltirish, sog‘lom turmush tarziga intilish va milliy boyliklardan oqilona foydalanishga qaratilgan buyuk sa’y-harakatlardir.
Kelajakda bu maskan nafaqat yurtimiz fuqarolari, balki dunyo bo‘ylab sayyohlarning sevimli yo‘nalishiga aylanishi muqarrar. Chunki Aydar – Arnasoy bugun – orzu, ertaga – maqsad, bir kun kelib esa real hayotga aylanmoqda.
Rustam Nurmatov
“Xalq so‘zi”








