“Korrupsiya – jamiyat rivojiga katta to‘siq va g‘ov” mavzusida ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
2025-04-11 00:15:00 / Majlislar

Bugungi kunda yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanmoqda. Bu yo‘ldagi har bir tashabbus, har bir islohot – xalq farovonligi va adolat ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan.
Shu nuqtayi nazardan, jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tuman sudi tomonidan Arnasoy tumanidagi barcha tashkilotlar xodimlari ishtirokida “Korrupsiya – jamiyat rivojiga katta to‘siq va g‘ov” mavzusida targ‘ibot-tashviqot tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda sudyalar tomonidan joriy yilning 5-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishidagi ustuvor vazifalar, ularning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Ta’kidlab o‘tish joizki, korrupsiya – bu faqat moliyaviy jinoyat emas. U – inson or-nomusini toptaydigan, jamiyatni ich-ichidan yemiradigan, ishonch, adolat va taraqqiyotga g‘ov bo‘ladigan illatdir. Unga qarshi kurashish esa qonun bilan birga, iymon, vijdon va ma’naviy mas’uliyat bilan olib borilishi kerakligi alohida ta’kidlandi.
Tadbir davomida hayotiy misollar orqali korrupsiyaning ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviy hayotga ta’siri keng yoritildi. Ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga sudyalar tomonidan huquqiy asoslangan, mazmunli va tushunarli javoblar berildi.
Mazkur tadbir fuqarolarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, halollik, shaffoflik va qonun ustuvorligini hayotga tatbiq etish yo‘lida yana bir muhim qadam bo‘ldi. Unda har bir xodim, har bir ishtirokchi korrupsiyaga qarshi kurashish avvalo o‘zidan boshlanishi kerakligini chuqur anglab yetdi.
Zero, adolat – taraqqiyotning tayanchi, halollik – xalq ishonchining mezonidir. Shu bois, jamiyat taraqqiyoti yo‘lida har birimiz korrupsiyaga qarshi kurashda faol bo‘lishimiz, vijdon va qonun oldida halol bo‘lib yashashimiz shartdir.




