O‘g‘irlik jinoyatlari tushunchasi va jazo chorasi
2025-03-19 12:30:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasiga muvofiq mamlakat iqtisodiyotining negizini turli shakldagi mulk tashkil etadi. Mulk mutlaq daxlsiz hisoblanadi va davlat tomonidan qo‘riqlanadi, unga nisbatan har qanday tajovuz qonunga zid deb topiladi.
Jabrlanuvchining yoki boshqalarning yo‘qligida yoki ular bor bo‘lsa-da, ularga bildirmasdan o‘zganing mol-mulkini yashirin talon-toroj qilish o‘g‘rilik hisoblanadi.
O‘zgalar mulkini talonchilik va o‘g‘rilik bilan egallagan va aybdor bu mulkdan o‘z xohishicha foydalanish yoki uni ishlatish imkoniyatiga ega bo‘lgan vaqtdan boshlab, tugallangan hisoblanadi.
Agar shaxsning harakatlari davomli jinoyat xususiyatiga ega bo‘lmasdan bir necha mustaqil epizodlardan misol uchun, o‘g‘rilik, talonchilik, bosqinchilik va boshqalardan iborat bo‘lsa, bu harakatlar talon-toroj qilingan umumiy summadan kelib chiqqan holda tavsiflanishi mumkin emas. Bunday hollarda jinoyatni o‘zganing mulkini talon-toroj qilganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari dispozitsiyasiga muvofiq, jumladan takroriylik belgisi bilan tavsiflanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasida o‘g‘irlik jinoyati uchun jazo choralari belgilangan.
Unga ko‘ra:- O‘g‘rilik: a) jabrlanuvchining kiyimi, sumkasi yoki boshqa qo‘l yukidagi ashyoga nisbatan (kissavurlik); b) ancha miqdorda; v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib; g) uy-joy, omborxona yoki boshqa xonaga g‘ayriqonuniy ravishda kirib sodir etilgan bo‘lsa, - bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘g‘rilik: a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
b) kompyuter tizimiga ruxsatsiz kirib; v) ko‘p miqdorda; g) neft quvurlarida, gaz quvurlarida, neft va gaz mahsulotlari quvurlarida sodir etilgan bo‘lsa, - besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘g‘rilik: a) juda ko‘p miqdorda; b) o‘ta xavfli retsidivist tomonidan; v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, - sakkiz yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Sharof ESHIMOV
Jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tuman sudi raisi
