ARNASOY TUMANI IIB BOSHLIG‘INING ARNASOY TUMANI AHOLISIGA MUROJAATNOMASI
2026-10-05 11:00:00 / Yangiliklar

Qadrli otaxon va onaxonlar!
Aziz tumanimiz aholisi!
Hurmatli yurtdoshlar!
Bugungi kunda yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida huquq-tartibot idoralari, davlat tashkilotlari, mahalla faollari hamda keng jamoatchilik bilan hamkorlikda aholining tinchligi va xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Arnasoy tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan ham bu borada qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Shunga qaramasdan, jinoyatchilikning ayrim turlari bo‘yicha vaziyat hali ham barchamizni jiddiy ogohlantirishi lozim.
2026-yilning o‘tgan 9 oyi davomida tumanimizda 14 ta oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyat sodir etildi.
Afsuski, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘g‘rilik jinoyati 1 taga, tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq jinoyat 1 taga, mulkni qasddan nobud qilish jinoyati 1 taga hamda boshqa jinoyatlar 1 taga oshgan.
Ayniqsa, oilalardagi muhitni sog‘lomlashtirish, yoshlar va xotin-qizlar bilan manzilli ishlash, ularning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va hal etish har birimizdan yanada katta mas’uliyat talab etmoqda.
Tumanimizda xotin-qizlar tomonidan 1 ta, yoshlar tomonidan esa 3 ta jinoyat sodir etilgani bu yo‘nalishdagi profilaktik ishlarimizni yanada kuchaytirishimiz zarurligini ko‘rsatmoqda.
Hurmatli tuman ahli!
Jinoyatchilikning oldini olishda nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki har bir fuqaroning hushyorligi va mas’uliyati muhim ahamiyatga ega.
Ayrim fuqarolarimizning mol-mulki, texnika vositalari, chorva mollari va xonadonlarini qarovsiz qoldirishi o‘g‘rilik jinoyatlarining sodir etilishiga sharoit yaratmoqda.
2026-yilning o‘tgan 9 oyida tumanimizda 5 ta o‘g‘rilik jinoyati qayd etilgan.
Shu sababli barcha fuqarolarimizdan o‘z mol-mulkiga nisbatan e’tiborli va mas’uliyatli munosabatda bo‘lishlarini so‘raymiz.
Mol-mulkingizni qarovsiz qoldirmang!
Xonadonlaringizni ishonchli himoya qiling!
Texnika va chorva mollaringizning xavfsizligini ta’minlang!
Yo‘l harakati xavfsizligiga befarq bo‘lmang!
Bugungi kunda yana bir jiddiy xavf — bu yo‘l harakati xavfsizligi masalasidir.
Avtomashinalar soni kundan-kunga ortib borayotgan bir sharoitda har bir haydovchidan yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilish, belgilangan tezlikdan oshmaslik va transport vositasini boshqarishni boshqa shaxslarga, ayniqsa, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan fuqarolarga ishonib topshirmaslik talab etiladi.
Afsuski, tumanimizda haydovchilarning mas’uliyatsizligi oqibatida o‘lim bilan bog‘liq 1 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etildi.
Bir inson hayotining yo‘qotilishi — bu oddiy raqam emas. Bu bir oilaning qayg‘usi, yaqinlarining dardi va butun jamiyat uchun og‘ir yo‘qotishdir.
Shuning uchun barcha haydovchilarni yo‘llarda o‘ta ehtiyotkor bo‘lishga, yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqiramiz.
KIBERJINOYATLARDAN OGOH BO‘LING!
Aziz yurtdoshlar!
Bugungi kunda texnologiyalar hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Biroq raqamli imkoniyatlardan foydalanish bilan bir qatorda kiberjinoyatchilik xavfi ham ortib bormoqda.
Fuqarolarni telefon orqali aldash, bank kartalari va elektron hisoblaridan pul mablag‘larini o‘zlashtirish, soxta havolalar orqali shaxsiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritish holatlari ko‘paymoqda.
2026-yilning o‘tgan 9 oyi davomida tumanimizda 70 ta kiberjinoyat sodir etilgan bo‘lib, shundan 31 tasi o‘g‘rilik, 39 tasi firibgarlik holatlari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Shu munosabat bilan barcha fuqarolarimizga qat’iy murojaat qilamiz:
Bank kartangiz raqami, PIN-kod, SMS-kod, parol va boshqa maxfiy ma’lumotlarni hech kimga aytmang!
Notanish shaxslarning telefon qo‘ng‘iroqlari va internetdagi shubhali takliflariga ishonmang.
“Pulingizni xavfsiz hisobga o‘tkazing”, “Sizga kredit rasmiylashtirildi”, “Sovrin yutdingiz”, “Kartangiz bloklandi” kabi xabarlarga ishonib, berilgan ko‘rsatmalarni bajarishdan oldin ma’lumotlarni qayta tekshiring.
Hech bir bank xodimi sizdan SMS-kod yoki kartangizning maxfiy ma’lumotlarini talab qilmaydi.
Hushyorlik — jinoyatdan himoyaning eng birinchi chorasi.
TUMANIMIZDA XAVFSIZLIK CHORALARI KUCHAYTIRILMOQDA
Qadrli tuman ahli!
Aholining xavfsizligini ta’minlash, jinoyatlarning oldini olish va sodir etilgan jinoyatlarni tezkorlik bilan fosh etish maqsadida tumanimizda zamonaviy xavfsizlik tizimlari joriy etilmoqda.
2026-yil davomida aholi gavjum joylar, ko‘chalar, ko‘p qavatli uylar hovlilari, mahallalarning asosiy kirish-chiqish joylari, savdo markazlari, bozorlar hamda ta’lim muassasalari atrofida videokuzatuv tizimlarini o‘rnatish ishlari keng ko‘lamda amalga oshirildi.
Jumladan:
- 200 ta aholi xonadonlari va 20 ta savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari qo‘riqlovga olindi;
- 30 ta “namunaviy xavfsiz ko‘cha” va 14 ta “namunaviy xavfsiz yo‘lak” tashkil etildi;
- ko‘p qavatli uylarga 4 ta “tashvish tugmasi” o‘rnatildi;
- 35 ta domofon o‘rnatildi;
- mahallalarning asosiy kirish-chiqish joylariga 22 ta yuzni va avtomashina davlat raqamlarini tanib oluvchi kamera o‘rnatildi;
- aholi gavjum joylar va ko‘chalarga 29 ta videokuzatuv kamerasi o‘rnatildi;
- ko‘p qavatli uylar hovlilariga 6 ta PTZ-videokuzatuv kamerasi o‘rnatildi;
- savdo markazlari va bozorlarga 2 ta yuzni hamda avtomashina davlat raqamlarini tanib oluvchi kamera o‘rnatildi;
- maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarining kirish-chiqish joylariga 11 ta PTZ-kamera o‘rnatildi;
- maktablarning ochiq sport maydonlariga 2 ta PTZ-kamera o‘rnatildi;
- mahallalarning ichki yo‘l, yo‘lak va ko‘chalari yoritish vositalari bilan ta’minlandi.
Bu ishlar tumanimizda kriminogen vaziyatni nazorat qilish, jinoyatlarni tezkorlik bilan aniqlash va ularni sodir etgan shaxslarni topish, eng muhimi, jinoyat sodir etilishining oldini olishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, sodir etilgan har bir jinoyat har kuni tahlil qilinib, uning sabab va shart-sharoitlari o‘rganilmoqda hamda manzilli profilaktik choralar belgilanmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish, qonuniylikni ta’minlash va jinoyat uchun jazoning muqarrarligini ta’minlash borasida ham tizimli ishlar davom ettirilmoqda.
AZIZ ARNASOYLIKLAR!
Men Arnasoy tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i sifatida sizlarga murojaat qilar ekanman, bir masalaga alohida e’tiboringizni qaratmoqchiman.
Tinchlik va osoyishtalikni faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar emas, butun jamiyat ta’minlaydi.
Har bir mahalla, har bir oila, har bir xonadon va har bir fuqaroning hushyorligi — tumanimiz xavfsizligining muhim kafolatidir.
Farzandlarimiz qayerda, kimlar bilan vaqt o‘tkazayotganiga befarq bo‘lmaylik.
Yoshlarimizni turli salbiy ta’sirlardan asraylik.
Oilada sog‘lom muhitni shakllantiraylik.
Qo‘shnimiz, mahalladoshimiz yoki yaqinimiz hayotida muammo borligini ko‘rsak, befarq bo‘lmaylik.
Jinoyatga olib kelishi mumkin bo‘lgan har qanday holat haqida tegishli idoralarga o‘z vaqtida xabar berib, uning oldini olishga hissa qo‘shaylik.
Birgalikda — jinoyatchilikka qarshi!
Birgalikda — tinchlik va osoyishtalik uchun!
Birgalikda — xavfsiz Arnasoy uchun!
Qadrli tuman ahli!
Sizlarni qonunlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga, jamoat tartibiga rioya qilishga, farzandlar tarbiyasiga e’tiborli bo‘lishga, mol-mulkingiz xavfsizligini ta’minlashga va turli firibgarliklardan ogoh bo‘lishga chaqiraman.
Arnasoy tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari hamisha xalq bilan birga va xalq xizmatida.
Sizning murojaatingiz, taklifingiz, tanqidiy fikringiz va amaliy yordamingiz biz uchun muhim.
Agar har birimiz o‘z burchimizga mas’uliyat bilan yondashsak, mahallamiz, tumanimiz va yurtimiz tinchligiga munosib hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
Zotan, qonun ustuvor bo‘lgan joyda adolat, adolat bor joyda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi.
Keling, barchamiz birgalikda Arnasoy tumanini jinoyatchilikdan xoli, tinch va xavfsiz hududga aylantiraylik!
E’tiboringiz uchun rahmat!
Arnasoy tumani IIB boshlig‘i podpolkovnik
Karimov Jasur Shermamatovich
