ARNASOY TUMAN PROKURORI IKROM BEGASHEVNING TUMAN AHOLISIGA MUROJAATI
2026-10-05 10:00:00 / Yangiliklar

QADRLI OTAXON VA ONAJONLAR!
AZIZ TUMANIMIZ AHOLISI!
Hurmatli Prezidentimiz rahbarligida mas’ul idora va tashkilotlar hamda vatanparvar xalqimiz bilan birgalikda barcha sohalarda, xususan, Arnasoy tumanida qonuniylikni mustahkamlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida muayyan ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Ko‘rilgan choralar natijasida tumanimizda 2026-yilning o‘tgan 9 oyi davomida 14 ta oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyat sodir etilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘g‘rilik jinoyati 1 taga, tan jarohati yetkazish 1 taga, mulkni qasddan nobud qilish jinoyatlari 1 taga va boshqa jinoyatlar 1 taga oshganini ko‘rsatmoqda.
Oilalardagi muhitni yaxshilash, yoshlar, ayniqsa, xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish va ularni hal etishga alohida e’tibor qaratish zarur. Afsuski, tumanimizda xotin-qizlar tomonidan 1 ta, yoshlar tomonidan esa 3 ta jinoyat sodir etilishining oldini olishning imkoni bo‘lmagan.
Bundan tashqari, ayrim fuqarolarimizning beparvoligi oqibatida o‘zlariga tegishli mol-mulk, texnika vositalari, chorva mollari yoki uy-joylarini qarovsiz qoldirishi o‘g‘rilik jinoyatlarining sodir etilishiga sharoit yaratib bermoqda.
Buning yaqqol misoli sifatida tumanimizda 5 ta o‘g‘rilik jinoyati qayd etilganini keltirish mumkin.
Shuningdek, yo‘llarda avtomashinalar soni kundan-kunga ortib borayotgani haydovchilardan yanada yuqori mas’uliyatni talab etmoqda.
Afsuski, ayrim haydovchilarning yo‘l belgilari va harakat qoidalariga rioya qilmasligi, belgilangan tezlikni oshirishi yoki haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan fuqarolarga avtomashina boshqaruvini noqonuniy ravishda topshirishi oqibatida o‘lim bilan bog‘liq 1 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan.
Shu bilan birga, raqamli texnologiyalar vositasida fuqarolarni aldash va ularning mol-mulkini egallash holatlari ham ortib bormoqda.
2026-yilning o‘tgan 9 oyi davomida 70 ta kiberjinoyat sodir etilib, shundan 31 tasi o‘g‘rilik, 39 tasi firibgarlik holatlari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Bu esa aholining raqamli va moliyaviy savodxonligini yanada oshirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
AZIZ YURTDOSHLAR!
Tumanimizda 2026-yil davomida aholi gavjum joylar va ko‘chalarga, ko‘p qavatli uylar hovlilariga, mahallalarning asosiy kirish-chiqish joylariga, savdo markazlari va bozorlarga, ta’lim muassasalarining kirish-chiqish joylariga videokuzatuv kameralari o‘rnatish ishlari keng ko‘lamda olib borildi.
Jumladan:
-
200 ta aholi xonadoni va 20 ta savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish obyekti qo‘riqlovga olindi;
-
mahallalarda 30 ta “namunaviy xavfsiz ko‘cha” va 14 ta “namunaviy xavfsiz yo‘lak” tashkil etildi;
-
ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklari oldiga 4 ta “tashvish tugmasi” o‘rnatildi;
-
ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklariga 35 ta domofon o‘rnatildi;
-
mahallalarning asosiy kirish-chiqish joylaridagi 22 ta nuqtaga yuzni va avtomobil raqamlarini tanib oluvchi kameralar o‘rnatildi;
-
aholi gavjum joylar va ko‘chalarga 29 ta videokuzatuv kamerasi o‘rnatildi;
-
ko‘p qavatli uylarning hovlilariga 6 ta PTZ-videokuzatuv kamerasi o‘rnatildi;
-
savdo markazlari va bozorlarga yuzni hamda avtomobil raqamlarini tanib oluvchi 2 ta kamera o‘rnatildi;
-
mahallalardagi maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarining kirish-chiqish joylariga 11 ta PTZ-kamera o‘rnatildi;
-
maktablarning ochiq sport maydonlariga 2 ta PTZ-kamera o‘rnatildi;
-
mahallalarning ichki yo‘l, yo‘lak va ko‘chalari yoritish vositalari bilan ta’minlandi.
Ushbu amalga oshirilayotgan ishlar kriminogen vaziyatni nazorat qilish, sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha aybdor shaxslarni tezkorlik bilan aniqlash hamda jinoyat uchun jazoning muqarrarligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, sodir etilgan jinoyatlarni har kuni tezkor tahlil qilish, manzilli tadbirlarni belgilash, kundalik so‘rov va nazorat tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida davlat tuzilmalari va keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha salmoqli ishlar olib borilmoqda. Aniqlangan har bir jinoyat bo‘yicha jazoning muqarrarligi ta’minlanmoqda.
QADRLI TUMANIMIZ AHLI!
Jinoyat qurboni bo‘lib qolmaslik uchun, avvalo, ehtiyotkorlikka rioya qilishimiz, turli aldovlarga ishonib qolmasligimiz lozim.
Notanish shaxslarning tekshirilmagan va ishonchsiz va’dalariga ishonmang. Shaxsiy hisoblaringiz va bank kartalaringiz haqidagi ma’lumotlarni begona shaxslarga bermang. Mol-mulkingiz, texnika vositalaringiz, chorva mollaringiz va xonadonlaringizni qarovsiz qoldirmang.
Tumanimizda jinoyatchilikning oldini olishda, eng avvalo, Siz, aziz va vatanparvar xalqimizning amaliy yordamingiz hamda hamkorligingizga tayanamiz.
Barchamiz qonunga itoatkorlik hissini oshirishimiz, yaqinlarimizni ham qonunlarga rioya etishga chaqirishimiz zarur.
Agar har bir fuqaro yurtimizni jinoyatdan xoli, tinch va xavfsiz maskanga aylantirishga o‘z hissasini qo‘shsa, shu yo‘lda davlatimiz rahbariga yelkadosh bo‘lib harakat qilsak, qonun ustuvor, adolat hukmron bo‘lgan jamiyatni barpo etishga munosib hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
