Arnasoyda Xitoylik investorlar bilan muzokaralar davom etmoqda
2025-12-27 18:00:00 / Yangiliklar

Bir necha kun avval Arnasoy tumani hokimi Odil Musanov Xitoy Xalq Respublikasidan tashrif buyurgan bir guruh tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazgan edi.
Mazkur uchrashuv yakunida xorijiy investorlar uchun taklif etilgan hududning imkoniyatlari va mavjud sharoitlari bilan yaqindan tanishish hamda muzokaralarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi.
Bugun ushbu investorlar bilan muzokaralar navbatdagi bosqichda davom ettirildi. Uchrashuv davomida xitoylik tadbirkorlar hudud bilan joyida tanishib, o‘z taklif va tashabbuslarini bildirdilar.
Shuningdek, loyiha doirasida elektr ta’minoti, yo‘l infratuzilmasi hamda boshqa muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bo‘yicha hokimlik tomonidan amaliy ko‘mak zarurligini ma’lum qilishdi.
Tuman hokimi Odil Musanov xorijiy investorlarni qiziqtirayotgan masalalar bo‘yicha mahalliy hokimlik tomonidan barcha zarur amaliy yordam va xizmatlar ko‘rsatilishini ta’kidladi.
Shuningdek, tuman hokimi davlatimiz tomonidan xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar, soliq siyosati va huquqiy tartib-taomillar xususida tushuntirishlar berdi.
Ma’lumot o‘rnida, investorlar Arnasoy tumanida tomchilatib sug‘orish usulida paxta yetishtirish hamda paxtani qayta ishlash zavodi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.



