KORRUPSIYANI OLDINI OLISH – BARCHAMIZNING BURCHIMIZ!
2025-11-24 10:30:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda korrupsiya – nafaqat biror mamlakatning, balki butun dunyo jamiyatlarining dolzarb muammolaridan biridir. U davlat boshqaruvi tizimini ishdan chiqaradi, adolatni zaiflashtiradi, iqtisodiy taraqqiyotni sekinlashtiradi hamda fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini pasaytiradi.
Korrupsiya deganda, odatda, mansabdor shaxsning o‘z xizmat mavqeidan shaxsiy manfaat uchun foydalanishi tushuniladi. Bu pora olish, qarindosh-urug‘chilik, tanish-bilishchilik, noqonuniy bitimlar tuzish kabi holatlarda namoyon bo‘ladi.
Korrupsiyaga qarshi davlat siyosati
O‘zbekiston Respublikasi so‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida tub islohotlarni amalga oshirmoqda. 2017-yilda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, bu yo‘nalishdagi huquqiy asos mustahkamlandi. 2020-yilda esa Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Ushbu agentlik davlat organlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, qonunbuzarliklarni aniqlash va fuqarolarning huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanadi.
Davlat xizmatlarining raqamlashtirilishi ham korrupsiyani kamaytirishda katta ahamiyat kasb etmoqda. Elektron hukumat, “Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali”, “my.gov.uz” kabi tizimlar inson omilini kamaytirib, shaffoflikni oshirmoqda.
Jamiyatda halollik muhitini shakllantirish
Korrupsiyaga qarshi kurash faqat qonunlar bilan emas, balki insonlarning ongida halollik va vijdonlilik qadriyatlarini mustahkamlash orqali amalga oshiriladi. Shu bois ta’lim muassasalarida “Halollik darslari” yo‘lga qo‘yilmoqda, o‘quvchilarda adolat va mas’uliyat hissi kuchaytirilmoqda.
Har bir fuqaro halol mehnat qilsa, jamiyatda adolat, ishonch va rivojlanish barqaror bo‘ladi. Halollik – bu nafaqat axloqiy fazilat, balki millat taraqqiyotining asosiy garovidir.
Fuqarolik jamiyati roli
Korrupsiyani yengishda davlat organlari bilan bir qatorda ommaviy axborot vositalari, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning faolligi ham muhim ahamiyatga ega. Matbuot orqali jamoatchilik fikrini shakllantirish, muammolarni yoritish, ochiqlikni ta’minlash bu kurashning samarali yo‘llaridan biridir.
Fuqarolik jamiyatining faol ishtiroki, jurnalistlarning dadil so‘zi va har bir fuqaroning mas’uliyatli pozitsiyasi korrupsiyaga qarshi kurashning poydevorini mustahkamlaydi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, korrupsiyaga qarshi kurash – bu davlat yoki idoralar vazifasi emas, balki butun xalqning burchidir. Har bir inson o‘z sohasida halol bo‘lsa, jamiyatdagi adolatsizlik ildizi o‘z-o‘zidan quriydi.
Halollikni qadrlagan xalq hech qachon orqada qolmaydi. Keling, halollikni o‘z hayotimiz mezoniga aylantiraylik!
Arnasoy tumani Adliya bo'limi boshlig'i D.Davranov
