AGENTLIK HAQIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2019-yil 20-sentabrdagi PF-5834-son Farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi tashkil etilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022-yil 21-dekabrdagi PF-269-son Farmoniga asosan Agentlik buysunuvi Adliya vazirligi huzuriga o‘tkazilgan.
O‘zbekistonda arxiv ishi uzoq tarixga ega bo‘lib, uning shakllanish va rivojlanish jarayonini shartli ravishda uch davrga bo‘lish mumkin:
1) Mustaqillikkacha bo‘lgan davr (1919–1991),
2) Mustaqillikning ilk yigirma yili (1991–2010),
3) Raqamlashtirish va islohotlar davri (2010–hozirgi vaqt).
O‘zbekistonda arxiv ishi rasman 1919-yil 5-noyabrda Turkiston SSR Xalq Komissarlar Kengashi qarori bilan tashkil etilgan. Bu davrda arxivlar sovet ideologiyasiga xizmat qiluvchi markazlashgan tizim bo‘lgan. 1930-yilda O‘zbekistonda Arxiv ishlari bosh boshqarmasi tuzildi va 1941-yilga kelib 14 ta davlat arxivi faoliyat yuritar edi. Bu davrda hujjatlarning aksar qismi davlat va partiya organlariga tegishli bo‘lib, fuqarolik jamiyatiga oid maʼlumotlar cheklangan holda saqlangan.
Mustaqillikdan so‘ng 1999-yil 15-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan “Arxivlar to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Bu hujjat asosida “O‘zbekiston Davlat arxiv fondi” o‘rniga “O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi” (O‘zR MAF) tashkil etildi. 2004-yil 3-fevralda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishini boshqarishni yana-da takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi 2010-yil 15-iyunda “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi. 2009-2014 yillarda davlat arxivlari uchun 20 tadan ortiq maxsus yangi binolar qurildi, 5 ta yirik arxivlarning binolari to‘liq rekonstruksiya qilindi.
O‘zbekiston arxiv sohasi so‘nggi yetti yilda qator islohotlarni amalga oshirdi. Ushbu islohotlar arxiv hujjatlaridan foydalanish, saqlash va ulardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashga qaratilgan. Eng muhim islohotlardan biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-5834-son Farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” PQ-4463-son qarori asosida mamlakatda yagona davlat arxiv tizimining tashkil etilishi bo‘ldi. Barcha arxiv muassasalari, yaʼni milliy arxivlar, davlat arxivlari va shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlarining yagona davlat organi tomonidan boshqaruvi ostida birlashtirilishi arxiv foydalanuvchilariga, izlanuvchilarga, tadqiqotchilarga arxiv hujjatlariga kirishni osonlashtirdi, shuningdek, arxiv hujjatlarini boshqarish va saqlashni takomillashtirish va yaxshilashga yordam berdi. Arxiv sohasida davlat xizmatlarini elektron shaklga o‘tkazish ishlari amalga oshirilishi natijasida davlat xizmatlarini hajmi oshdi va ularni ko‘rsatish vaqtini qisqartirishga erishildi. 2019-2025-yillarda 14 ta yangi arxiv binosi foydalanishga topshirildi va 2 ta arxiv rekostruksiya qilindi. 2025-yilga kelib, “O‘zarxiv” agentligi tizimida 3 ta O‘zbekiston Milliy arxivlari, 14 ta arxiv ishi hududiy boshqarmasi va ular tizimida 101 ta viloyat, shahar, tuman davlat arxivlari hamda 106 ta shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlari faoliyat ko‘rsatmoqda
2017-2025-yillarda arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirishga qaratilgan 18 dan ortiq hujjatlar qabul qilindi, xususan, 1 ta Qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2 ta farmoni va 2 ta qarori, 14 ta Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilindi.
