“Zakovat” intellektual oʻyini boʻyicha vazirlik va idoralar o‘rtasida “OʻZARXIV” AGENTLIGI KUBOGI” oʻyini boʻlib oʻtdi
2025-10-28 15:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-yanvardagi “Zakovat” intellektual oʻyinini aholi oʻrtasida ommaviy-maʼrifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual oʻyinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PQ-96-son qarori ijrosi hamda Oʻzbekiston Respublikasida Arxiv tizimi tashkil etilganligining 106 yilligi munosabati bilan Vazirlik, idoralar va “Oʻzarxiv” agentligi tizimidagi Arxiv ishi hududiy boshqarmalari va Milliy arxivlar xodimlari ishtirokida “Zakovat” intellektual oʻyinlari boʻyicha “Oʻzarxiv” agentligi kubogi oʻtkazildi.
1919-yil 5-noyabrda Turkiston Respublikasi Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi “Turkiston ASSRda arxiv ishlarini qayta tashkil etish va markazlashtirish toʻgʻrisida” qaror qabul qildi. Ushbu huquqiy hujjatning qabul qilinishi arxiv hujjatlarini maxsus muassasa tomonidan tartibda jamlash va saqlash uchun zamin yaratdi. Mamlakatda arxiv ishini tashkil etishda tub oʻzgarishlar amalga oshirildi: sobiq davlat idoralari arxivlarini idoraviy arxiv sifatida tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi va ilmiy, tarixiy, madaniy va maʼrifiy ahamiyatga ega boʻlgan hujjatlar davlat mulki deb eʼlon qilindi. Hozirgi kunda Oʻzbekiston Milliy Arxiv Fondi hujjatlarini jamlash, saqlash, hisobini olib borish va ulardan foydalanish borasida muhim vazifalarni bajarib kelmoqda.
Vazirlik, idoralar va “Oʻzarxiv” agentligi tizimidagi Arxiv ishi hududiy boshqarmalari va Milliy arxivlardan jami 40 dan ortiq jamoa “Zakovat” intellektual oʻyinlari boʻyicha “Oʻzarxiv” agentligi kubogi uchun bellashdilar.
Zakovat oʻyini har biri 12 ta savoldan iborat boʻlgan 2 ta turda jami 24 ta savoldan iborat boʻldi. Jamoaning har bir savolga berilgan toʻgʻri javob uchun bir balldan berildi. Oʻyinda eng koʻp ball olgan jamoalar gʻolib sifatida topildi.
1-o‘'rin Ozbekiston Respublikasi Adliya vazirligi
2-o‘rin Navoiy viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi
3-o‘rin O'zbekiston Tarixi telekanali egalladilar.
Zakovat oʻyinida gʻolib boʻlgan jamoalar egallagan oʻrniga mos ravishda “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Tadbirni yoritishda yaqindan yordam bergan ommaviy axborot vositalari vakillariga “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan minnatdorlik bildiriladi.









