O‘ZBEKISTON VA HINDISTON ARXIV XIZMATLARI O‘RTASIDA HAMKORLIKNING YANGI BOSQICHI BOSHLANDI
2026-09-10 18:00:00 / Yangiliklar

O‘ZBEKISTON VA HINDISTON ARXIV XIZMATLARI O‘RTASIDA HAMKORLIKNING YANGI BOSQICHI BOSHLANDI
“O‘zarxiv” agentligi va Hindiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Milliy arxiv o‘rtasida arxiv ishi sohasida hamkorlik to‘g‘risida Anglashuv memorandumi imzolandi
Toshkent shahrida 2026-yil 30-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi hamda Hindiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Milliy arxiv o‘rtasida arxiv ishi sohasida hamkorlik to‘g‘risida Anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi anʼanaviy do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini arxiv sohasida yana-da rivojlantirish, ikki xalqning tarixi, madaniyati va qadriyatlariga oid hujjatli merosni o‘zaro o‘rganish va undan foydalanish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Eng muhimi, memorandum arxivlar o‘rtasidagi hamkorlikni alohida yo‘nalishlar va amaliy mexanizmlar asosida tizimli ravishda rivojlantirish uchun huquqiy-tashkiliy asos vazifasini bajaradi.
Hujjat almashinuvi — umumiy tarixni yangi manbalar asosida o‘rganish imkoniyati
Memorandum doirasida tomonlar o‘z mamlakatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq arxiv ishi sohasidagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, arxivshunoslik va ish yuritishga oid adabiyotlar, shuningdek, o‘zaro qiziqish uyg‘otadigan arxiv hujjatlari to‘plamlari bilan almashishga kelishib oldilar.
Bu, avvalo, ikki mamlakat tarixiga oid manbalarni yana-da kengroq o‘rganish imkonini beradi.
Chunki tarixiy jarayonlar bir davlat hududi bilan cheklanmaydi. Turli davrlarga oid voqealar, shaxslar va munosabatlar haqidagi hujjatlar bir vaqtning o‘zida bir nechta mamlakat arxivlarida saqlanishi mumkin.
Shu nuqtai nazardan, arxiv hujjatlari bilan o‘zaro almashinuv tadqiqotchilar uchun yangi manbalar bazasini shakllantirishga xizmat qiladi.
O‘zaro arxiv fondlaridagi tarixiy manbalarni aniqlash
Memorandumning yana bir muhim yo‘nalishi — O‘zbekiston va Hindiston milliy arxiv fondlarida saqlanayotgan, ikki mamlakat tarixi va madaniyatiga oid hujjatlarni aniqlash va o‘zaro manfaatli asosda ularning nusxalarini taqdim etish bo‘yicha hamkorlik qilishdir.
Bu amaliyot ikki mamlakatning umumiy tarixiga oid hujjatlarni izlash, aniqlash, o‘rganish va ilmiy muomalaga kiritish jarayonini sezilarli darajada boyitishi mumkin.
Ayniqsa, xorijiy arxivlarda O‘zbekiston tarixi bilan bog‘liq hujjatlarni aniqlash va ularning nusxalarini mamlakatimiz tadqiqotchilari uchun taqdim etish milliy tarixni yana-da keng va xolis manbalar asosida o‘rganish imkonini yaratadi.
Tadqiqotchilar uchun yangi imkoniyatlar
Memorandumda ikki mamlakat tadqiqotchilariga davlat arxivlarida saqlanayotgan hujjatli merosni o‘rganish bo‘yicha ilmiy izlanishlarda ko‘maklashish ham nazarda tutilgan.
Shuningdek, har bir ishtirokchi o‘z milliy qonunchiligiga muvofiq boshqa tomon tadqiqotchilariga arxiv materiallari, ilmiy-axborot apparati hamda eʼlon qilingan va eʼlon qilinmagan axborot materiallaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etishi belgilangan.
Bu esa arxivlarning faqat hujjat saqlovchi muassasa emas, balki ilmiy tadqiqotlar uchun ochiq manba va xalqaro ilmiy hamkorlik maydoni sifatidagi rolini kuchaytiradi.
Nodir hujjatlarni saqlash va konservatsiya: tajriba birlashtiriladi
Memorandum arxiv hujjatlarini saqlash va konservatsiya qilish sohasida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va birgalikda ilmiy maqolalar chop etish imkonini ham nazarda tutadi.
Shuningdek, tomonlar o‘zaro kelishilgan va qiziqish uyg‘otadigan mavzular bo‘yicha qo‘shma ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va master-klasslar, jumladan, onlayn formatda vebinarlar o‘tkazishga kelishib oldilar.
Bunday hamkorlik arxiv hujjatlarini saqlashning zamonaviy usullarini o‘rganish, mutaxassislar o‘rtasida amaliy tajriba almashish va ilmiy salohiyatni oshirish uchun muhim ahamiyatga ega.
Raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalar — hamkorlikning muhim yo‘nalishi
Bugungi arxiv sohasini raqamli texnologiyalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
Shu bois memorandumda arxiv sohasida qo‘llaniladigan ilg‘or texnologiyalarni o‘rganish va joriy etish, arxiv hujjatlarini taʼmirlash va restavratsiya qilish amaliyoti, shuningdek, elektron arxiv tizimini tashkil etish tajribasi bo‘yicha bilim va tajriba almashish ham nazarda tutilgan.
Bu yo‘nalishning ahamiyati shundaki, raqamlashtirish nafaqat hujjatdan foydalanishni yengillashtiradi, balki uning asl nusxasini asrab qolish, axborotdan masofadan turib foydalanish va tarixiy merosni kelajak avlodlarga yetkazish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Memorandum nimani beradi?
Umuman olganda, O‘zbekiston va Hindiston arxiv xizmatlari o‘rtasida imzolangan mazkur hujjat quyidagi muhim natijalar uchun zamin yaratadi:
-
ikki mamlakat tarixiga oid arxiv hujjatlarini birgalikda aniqlash va o‘rganish;
-
arxiv hujjatlari nusxalari va sohaviy axborot materiallari bilan almashish;
-
tadqiqotchilar uchun xorijiy arxiv manbalariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish;
-
arxiv hujjatlarini saqlash va konservatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar olib borish;
-
ilmiy maqolalar va boshqa tadqiqot natijalarini birgalikda nashr etish;
-
konferensiya, seminar, master-klass va vebinarlar o‘tkazish;
-
raqamlashtirish, restavratsiya va elektron arxiv tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashish;
-
ikki mamlakat arxiv mutaxassislari o‘rtasida doimiy professional aloqalarni kuchaytirish.
Shunday qilib, mazkur Anglashuv memorandumi O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi arxiv sohasidagi hamkorlikni hujjat almashinuvidan ilmiy tadqiqotlar, raqamlashtirish, mutaxassislar tajribasi va tarixiy merosni birgalikda asrashgacha bo‘lgan keng qamrovli hamkorlik tizimiga aylantirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Memorandum 2026-yil 30-avgust kuni Toshkent shahrida o‘zbek, hind va ingliz tillarida ikki nusxada imzolangan bo‘lib, matnlar teng yuridik kuchga ega. Hujjat xalqaro shartnoma hisoblanmasligi va xalqaro huquqqa muvofiq huquq hamda majburiyatlar yuzaga keltirmasligi ham belgilangan.
“O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati
