“YAGONA VATAN MADHI” — “O‘ZARXIV” AGENTLIGIDA BAYRAMONA TANTANA
2026-08-28 17:00:00 / Yangiliklar

“YAGONA VATAN MADHI” — “O‘ZARXIV” AGENTLIGIDA BAYRAMONA TANTANA
Istiqlol yillari barcha jabhalarda bo‘lgani kabi, arxiv sohasida ham ulkan yutuqlar va yangilanishlar davri bo‘ldi. Shunday qutlug‘ ayyom — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “O‘zarxiv” agentligida “Yagona Vatan madhi” nomli tantanali bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda “O‘zarxiv” agentligi markaziy apparati xodimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxiv ishi hududiy boshqarmalari boshliqlari, shuningdek, milliy arxivlar direktorlari va xodimlari ishtirok etdilar.
Tadbirni “O‘zarxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov ochib, ishtirokchilarni qutladi hamda samimiy tabrik so‘zlarini bildirdi. U o‘z nutqida mustaqillik yillarida mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida, xususan, arxiv tizimida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar va erishilgan yutuqlar haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni asrash, Vatanga muhabbat, milliy o‘zlikni anglash va vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirish, ajdodlardan qolgan bebaho tarixiy merosni asrab-avaylash hamda uni kelajak avlodlarga yetkazish borasidagi vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Tadbir davomida so‘nggi yillarda arxiv sohasi xodimlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish, moddiy va ma’naviy manfaatlarini ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor alohida qayd etildi. Ayniqsa, soha xodimlari orasida yoshlarning ham turli mukofotlarga sazovor bo‘layotgani ularni yangi marralar sari ruhlantirayotgani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi va rahnamoligida mamlakatimizda inson mehnati va uning jamiyat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissini munosib baholash, fidoyi yurtdoshlarni rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 22 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi Farmoni ham ana shu ezgu siyosatning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Mazkur hujjatga muvofiq, mamlakatimizning iqtisodiy qudratini yuksaltirish, tadbirkorlik va xususiy sektorni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi farovonligini oshirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida islohotlar samaradorligini ta’minlashda faollik ko‘rsatgan yurtdoshlarimiz “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar.
E’tiborlisi, ushbu yuksak e’tirofga arxiv sohasi xodimlari ham munosib ko‘rildi. Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan ta’sis etilgan esdalik nishonlari sohada ko‘p yillar davomida samarali mehnat qilayotgan, o‘z faoliyati bilan arxiv tizimi rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan xodimlarga tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, tadbir davomida “O‘zarxiv” agentligining idoraviy mukofoti — “Soha iftixori” ko‘krak nishoni, “Faxriy yorliq” va “Tashakkurnoma”lar ham o‘z egalariga topshirildi.
Mukofotlanganlar orasida yosh mutaxassislarning ham borligi alohida e’tirof etildi. Bu esa yoshlarni sohaga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ularni fidoyilik bilan mehnat qilishga undash va yangi yutuqlarga ruhlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotgan fidoyi insonlarning mehnati ham yuksak e’tirof etildi.
Har bir mukofot ortida yillar davomidagi halol mehnat, izlanish va intilishlar, el-yurt manfaati yo‘lida amalga oshirilgan ezgu ishlar mujassam. Bu e’tirof arxiv sohasi xodimlarining mamlakatimiz taraqqiyoti, milliy tariximiz va madaniy merosimizni asrab-avaylash borasidagi munosib xizmatlariga berilgan yuksak bahodir.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga mustaqillik bayrami munosabati bilan samimiy tabriklar izhor etilib, soha xodimlariga kelgusi faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar, yangi yutuq va zafarlar tilandi.
“O‘zarxiv” agentligi matbuot xizmati









