“O‘zarxiv” agentligida 2026-yil birinchi yarim yilligida Xalqaro hamkorlik yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan BRIFING
2026-07-01 09:20:00 / Yangiliklar

“O‘zarxiv” agentligida 2026-yil birinchi yarim yilligida Xalqaro hamkorlik yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan
BRIFING
Assalomu alaykum, hurmatli yurtdoshlar!
Bugungi brifingda sizlarni “O‘zarxiv” agentligining 2026-yilning birinchi yarim yilligi davomida xalqaro hamkorlik sohasida amalga oshirgan ishlari, erishilgan muhim natijalari hamda istiqboldagi vazifalari bilan tanishtiraman.
Arxiv sohasini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish hamda mamlakatimiz arxiv tizimining xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash “O‘zarxiv” agentligi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Hisobot davrida ushbu yo‘nalishda rejalashtirilgan vazifalar izchil amalga oshirildi. Xorijiy davlatlar arxiv muassasalari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot institutlari hamda muzeylar bilan hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Avvalo, agentlik rahbariyati va mutaxassislari Amerika Qo‘shma Shtatlari, Belarus Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi va boshqa davlatlarda tashkil etilgan nufuzli xalqaro konferensiyalar, kongresslar, ilmiy-amaliy seminarlar hamda davra suhbatlarida faol ishtirok etdilar.
Jumladan, fevral oyida Rossiya Federatsiyasining Butunrossiya hujjatshunoslik va arxiv ishi ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan tashkil etilgan xalqaro konferensiyada agentlik vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, Belarus Respublikasi Adliya vazirligi Arxivlar va ish yuritish departamenti bilan hamkorlikda arxiv hujjatlaridan foydalanish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi. Qozog‘iston Respublikasida siyosiy qatag‘onlarga oid arxiv hujjatlarini identifikatsiya qilish mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada mamlakatimiz arxivchilari maʼruza bilan qatnashib, O‘zbekiston tajribasini xalqaro jamoatchilikka taqdim etdilar. Aprel va may oylarida Rossiya Federatsiyasining VNIIDAD instituti tomonidan tashkil etilgan audiovizual hamda ilmiy-texnik hujjatlarga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbatlarida O‘zbekiston milliy arxivlari mutaxassislari o‘z maʼruzalari bilan ishtirok etib, milliy arxiv tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berdilar. Shuningdek, Belarus Respublikasida bo‘lib o‘tgan «Arxiv muloqoti» V xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi hamda Rossiya Federatsiyasining Yekaterinburg shahrida tashkil etilgan «Yolg‘on va soxtalashtirishsiz: tarixiy xotirani himoya qilish» mavzusidagi xalqaro konferensiyalarda ham agentlik vakillari muvaffaqiyatli ishtirok etdilar.
Hisobot davrida amalga oshirilgan eng muhim xalqaro tadbirlardan biri Amerika Qo‘shma Shtatlarining Yuta shtatiga amalga oshirilgan xizmat safari bo‘ldi. 2026-yil mart oyida “RootsTech–2026” xalqaro konferensiyasida ishtirok etish doirasida «FamilySearch International» tashkiloti, Yuta shtati davlat arxivi, shuningdek, shajara tadqiqotlari sohasida yetakchi hisoblangan “MyHeritage” va “Ancestry” tashkilotlari bilan amaliy uchrashuvlar o‘tkazildi. Tashrif davomida arxiv hujjatlarini raqamlashtirish, arxiv xizmatlarini elektron shaklda ko‘rsatish, raqamli arxiv infratuzilmasini takomillashtirish, sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish hamda shajara tadqiqotlarini tashkil etish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalar o‘rganildi.
Iyun oyida Qozog‘iston Respublikasining Ostona shahrida o‘tkazilgan «Digital Archive EXPO» III xalqaro arxivchilar kongressida ham O‘zbekiston delegatsiyasi faol ishtirok etdi.Kongress doirasida agentlik mutaxassislari tomonidan O‘zbekiston arxivlarida raqamli yechimlarni joriy etish, kinojamg‘armalarni raqamlashtirish hamda davlat arxivlarining raqamli ekotizimiga bag‘ishlangan maʼruzalar va amaliy treninglar o‘tkazildi. Shu bilan birga, mazkur xalqaro kongress doirasida “O‘zarxiv” agentligi hamda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Arxivi o‘rtasida arxiv ishi sohasida Anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat ikki davlat arxiv muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, mutaxassislar malakasini oshirish hamda raqamlashtirish sohasida o‘zaro tajriba almashish uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Hisobot davrida xalqaro hamkorlik geografiyasi yana-da kengaydi. Xususan, Germaniya, Fransiya, Isroil, Koreya Respublikasi, Polsha, AQSH, Belarus, Qozog‘iston va Rossiya Federatsiyasi arxiv muassasalari hamda ixtisoslashtirilgan tashkilotlari bilan qator uchrashuvlar tashkil etildi. Fransiya Milliy audiovizual instituti mutaxassislari ishtirokida kinohujjatlarni saqlash, restavratsiya qilish va raqamlashtirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Germaniya arxiv tizimi va raqamli hujjatlar bilan ishlash sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlar bilan raqamli arxivlarni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Koreya Respublikasi bilan arxiv sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni yangi tahrirda qabul qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Polsha Milliy xotira instituti arxivi bilan esa qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihasini amalga oshirish yuzasidan muzokaralar boshlandi.
Xalqaro hamkorlikning muhim natijalaridan biri sifatida «O‘ZBEKISTON — NAJOT YURTI» nomli tarixiy-hujjatli kitob nashr etildi. Mazkur kitob AQSH Xolokost yodgorlik muzeyi bilan hamkorlikda bir necha yil davomida amalga oshirilgan keng qamrovli tadqiqotlar natijasida tayyorlandi. Kitob taqdimotida xorijiy davlatlar elchixonalari, diplomatik korpus vakillari, tarixchi olimlar, tadqiqotchilar hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdilar.
Hisobot davrida xorij arxivlarida saqlanayotgan O‘zbekiston tarixiga oid arxiv hujjatlarini mamlakatimizga qaytarish ishlari ham davom ettirildi. Jumladan, Tatariston Respublikasi davlat arxivlaridan O‘zbekiston tarixi bilan bog‘liq 836 kadr elektron arxiv hujjatlari qabul qilindi. Shuningdek, Belarus Respublikasi arxivchilari tomonidan Ikkinchi jahon urushi yillarida Belarus hududida jang qilgan o‘zbekistonlik partizanlarga oid yangi arxiv hujjatlari va shaxsiy yig‘majildlar O‘zbekiston Milliy arxiviga davlat saqloviga topshirildi. Bu hujjatlar mamlakatimiz tarixini yana-da chuqurroq o‘rganish va yangi ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun muhim manba hisoblanadi.
Xalqaro arxivlar kengashi bilan hamkorlik doirasida ham barcha rejalashtirilgan ishlar o‘z vaqtida bajarildi. 2026-yil uchun aʼzolik badali to‘liq to‘landi. Shuningdek, Xalqaro arxivlar kengashi tomonidan tashkil etilgan Xalqaro arxivlar haftaligi doirasidagi barcha onlayn seminar va vebinarlarda agentlik mutaxassislari ishtirok etdilar.
Shu bilan birga, mamlakatimiz arxivlarining xorijlik tadqiqotchilar uchun ochiqligi taʼminlandi. 2026-yilning birinchi yarim yilligida Kanada, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Yaponiya, Germaniya, Niderlandiya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Isroil, Rossiya Federatsiyasi, Afg‘oniston, Qozog‘iston va Qirg‘iz Respublikasidan jami 74 nafar tadqiqotchiga O‘zbekiston milliy arxivlari hamda hududiy davlat arxivlari o‘quv zallarida arxiv hujjatlari bilan ishlash uchun belgilangan tartibda ruxsat berildi. Bu esa mamlakatimiz arxivlarining ochiqligi, shaffofligi hamda xalqaro ilmiy hamkorlikka tayyorligining yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
Yakun sifatida taʼkidlash joizki, 2026-yilning birinchi yarim yilligida “O‘zarxiv” agentligi xalqaro hamkorlikni yana-da kengaytirish, arxiv sohasiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, xorijiy arxiv muassasalari bilan hamkorlikni mustahkamlash hamda O‘zbekiston arxivlarining xalqaro nufuzini oshirish borasida salmoqli natijalarga erishdi.Yilning ikkinchi yarim yilligida ham xalqaro hamkorlikni yana-da kengaytirish, yangi memorandumlar va kelishuvlarni imzolash, arxiv sohasida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, raqamli arxiv texnologiyalarini joriy etish va milliy arxiv merosimizni xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish bo‘yicha ishlar izchil davom ettiriladi.
Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizga murojaat qilmoqchimiz. Aziz yurtdoshlar! Agar davlat arxivlarida noqonuniy hatti-harakatlarning guvohi bo‘lsangiz “O‘zarxiv” agentligining 55-50-301-50 raqamli “Ishonch telefoni” yoki antikor_archive_bot yohud https://t.me/direktorga_murojaat orqali xabar berishingizni so‘raymiz.
Eʼtiboringiz uchun rahmat!
