“O‘ZARXIV” AGENTLIGI DIREKTORI YOSH ARXIVCHILAR BILAN OCHIQ MULOQOT O‘TKAZDI
2026-06-30 13:00:00 / Yangiliklar

“O‘ZARXIV” AGENTLIGI DIREKTORI YOSH ARXIVCHILAR BILAN OCHIQ MULOQOT O‘TKAZDI
30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi direktori U. Yusupov agentlik tizimida faoliyat yuritayotgan yosh arxivchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy salohiyatini yuksaltirish hamda davlat organlari faoliyatida yosh mutaxassislarning rolini kuchaytirishga qaratilgan topshiriqlari ijrosi doirasida tashkil etildi.
Uchrashuv avvalida Yoshlar kunining mamlakatimiz hayotidagi ahamiyati, yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar hamda ularning Yangi O‘zbekiston taraqqiyotidagi o‘rni alohida ta’kidlandi. Qayd etilganidek, bilimli, tashabbuskor va vatanparvar yoshlar mamlakatimiz taraqqiyotining muhim tayanchi hisoblanadi.
Ochiq muloqot davomida Agentlik rahbari arxiv sohasi rivojining ustuvor yo‘nalishlari, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, hujjatlarni raqamlashtirish, elektron arxivlarni shakllantirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish hamda arxiv xizmatlari sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, U. Yusupov o‘z nutqida bugungi kunda yoshlarning arxiv sohasi rivojidagi o‘rni tobora ortib borayotganini alohida ta’kidlab, shunday dedi:
“Arxiv sohasidagi yoshlar — tizimni raqamlashtirish va modernizatsiya qilishning asosiy harakatlantiruvchi kuchidir. Bugungi kunda arxiv ishi an’anaviy qog‘oz hujjatlar bilan ishlashdan to‘liq raqamli (IT) tizimga o‘tmoqda. Bu esa sohada zamonaviy fikrlaydigan yosh kadrlarga bo‘lgan talabni keskin oshirdi.”
Uchrashuv savol-javob va erkin muloqot tarzida davom etdi. Yosh arxivchilar tomonidan kasbiy faoliyat, xizmat sharoitlari, raqamlashtirish jarayonlari, malaka oshirish hamda sohani yanada rivojlantirishga oid qator savollar, fikr va mulohazalar bildirildi. Ochiq muloqot davomida o‘zaro fikr almashilib, yoshlarning taklif va tashabbuslari yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida Agentlik direktori yosh arxivchilarning faolligi va tashabbuskorligini yuqori baholab, ularni kelgusida ham o‘z ustida muntazam ishlashga, kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirib borishga hamda arxiv sohasi taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga chorladi.
Shuningdek, mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish va yoshlarning ma’naviy-intellektual salohiyatini yanada rivojlantirish maqsadida “O‘zarxiv” agentligi direktori U. Yusupov hamda O‘zbekiston Milliy arxivi direktori D. Zakirova tomonidan yosh arxivchilarga badiiy va ilmiy-ommabop adabiyotlar sovg‘a qilindi.
Tadbir so‘ngida Yoshlar kuni munosabati bilan faol yosh arxivchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Mazkur uchrashuv yoshlar va rahbariyat o‘rtasidagi ochiq muloqotni mustahkamlash, fikr almashish hamda yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim muloqot maydoniga aylandi.









