“ARXIV SAHIFALARIDAGI JURNALISTIKA TARIXI” FOTOHUJJATLAR KO‘RGAZMASI TASHKIL ETILDI
2026-06-25 13:00:00 / Yangiliklar

“ARXIV SAHIFALARIDAGI JURNALISTIKA TARIXI” FOTOHUJJATLAR KO‘RGAZMASI TASHKIL ETILDI
Har yili 27-iyun sanasi mamlakatimizda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Ushbu sana jurnalistlar, matbaa va nashriyot sohasi vakillari, televideniye va radio ijodkorlari, internet nashrlari xodimlari hamda soha faxriylarining fidokorona mehnatini e’tirof etish, ularning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va xizmatlarini yuksak qadrlashga bag‘ishlangan.
Mazkur sana munosabati bilan joriy yilning 25-iyun kuni Toshkent Fotosuratlar uyida “Arxiv sahifalaridagi jurnalistika tarixi” nomli arxiv hujjatlari fotoko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivida saqlanayotgan 1930–2025-yillarga oid, shuningdek, O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi tomonidan taqdim etilgan mamlakatimiz matbuoti va ommaviy axborot vositalarining shakllanishi hamda rivojlanish tarixini yorituvchi 100 dan ortiq noyob fotohujjat namoyish etildi.
Ekspozitsiyadan arxiv saqlovidagi Muslimbek Yo‘ldoshev va Nasiba Ibragimovaning shaxsiy fondlariga mansub fotohujjatlar ham munosib o‘rin oldi. Ko‘rgazmada jurnalistlarning ijodiy faoliyati, intervyu va suhbatlar, respublika hamda hududiy gazeta va jurnallar tahririyatlari, teleradiostudiyalar ish jarayoni, teledastur va radioeshittirishlarni tayyorlash, tasvirga olish va ovoz yozish jarayonlari, matbuot anjumanlari hamda davra suhbatlari aks etgan tarixiy suratlar keng namoyish qilindi.
Shuningdek, televideniye va radio tarixida muhim iz qoldirgan birinchi suxandonlar, rejissyorlar, operatorlar, taniqli boshlovchilar va jurnalistlarning kasbiy faoliyatini aks ettiruvchi fotohujjatlar ham ko‘rgazma ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ko‘rgazmaning eng qimmatli eksponatlaridan biri sifatida 1931-yilda radio boshlovchisining jonli efir vaqtida olingan tarixiy fotosurati alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Tadbirning tantanali ochilish marosimida “O‘zarxiv” agentligi rahbariyati, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, O‘zbekiston milliy arxivlari rahbar va xodimlari, vazirlik hamda idoralarning axborot xizmatlari rahbarlari, jurnalistlar, ommaviy axborot vositalari vakillari va soha faxriylari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti dotsenti, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Muslimbek Yo‘ldoshev hamda “Dunyo bo‘ylab” telekanali muharriri Feruza G‘ulomova arxiv ishi sohasini rivojlantirish va keng jamoatchilikka targ‘ib etishdagi munosib hissasi uchun “O‘zarxiv” agentligining “Soha iftixori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar.
Shuningdek, arxiv sohasi faoliyatini ommaviy axborot vositalarida keng va xolis yoritib kelayotgan bir guruh jurnalistlar hamda media vakillariga “O‘zarxiv” agentligining Faxriy yorlig‘i hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbir yakunida “O‘zarxiv” agentligi tomonidan arxiv ishidagi islohotlar, tarixiy merosni keng targ‘ib etish va jamoatchilikka yetkazishda yaqindan hamkorlik qilib kelayotgan barcha ommaviy axborot vositalari vakillariga samimiy minnatdorlik bildirildi. Ta’kidlanganidek, arxiv hujjatlarida mujassam tarixiy xotirani keng ommaga yetkazishda jurnalistlar va OAV vakillarining o‘rni beqiyos bo‘lib, mazkur hamkorlik kelgusida ham izchil davom ettiriladi.









