“Oʻzarxiv” agentligi direktori Ulugʻbek Yusupov Namangan viloyatidagi davlat arxivlarida boʻldi
2026-06-24 16:00:00 / Yangiliklar

“Oʻzarxiv” agentligi direktori Ulugʻbek Yusupov Namangan viloyatidagi xizmat safari doirasida Namangan viloyat davlat arxivi, Kosonsoy, Mingbuloq, To‘raqo‘rg‘on tuman davlat arxivlari ish jarayoni bilan tanishdi.
Ulugʻbek Yusupov arxivlarda ish jarayoni, ishlatilayotgan axborot tizimlari samaradorligi, hujjatlarni saqlanish holati, yig‘majildlarni umumiy holatlari, raqamlashtirish jarayonlari, xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, koʻrsatilayotgan xizmatlarning tezkorligi bilan tanishdi.
Shuningdek, arxivlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, xizmat vazifalarini bajarishda qonuniylikka rioya etilishi, korrupsion holatlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Ma'lumot uchun: Hozirgi kunda Namangan viloyati davlat arxivida 734 ta mavjud fond bo‘lib, 363 057 saqlov birligidan iborat hujjatlar saqlanmoqda. Ularning 297 375 tasi boshqaruv hujjatlari bo‘lib, shundan 301 076 ta saqlov birligi sovet davriga oid, 61 981 tasi mustaqillik davriga oid, 65 682 tasi shaxsiy tarkib hujjatlari bo‘lib, shundan 42 127 tasi sovet davriga oid, 23 555 tasi mustaqillik davriga oid, 85 tasi shaxsiy kelib chiqish hujjatlari va 10 961 tasi vaqtincha saqlanadigan hujjatlar hamda 38 ta suratli hujjatlarni tashkil etadi.
Viloyat davlat arxivida 35 ta fondda 4 915 ta saqlov birligidan iborat boshqaruv hamda 62 ta suratli alohida qimmatli hujjatlar saqlanmoqda.
Davlat arxivida budjet bo‘yicha 21 ta shtat birligidagi xodimlar faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, 2 nafar xodim davlat arxivining xo‘jalik guruhida ishlamoqda.
Zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda davlat arxivida saqlanayotgan hujjatlarni raqamlashtirish ishlari olib borilmoqda. Hozirgi kunga qadar arxiv saqlovxonasida mavjud 13 932 ta saqlov birligidan 2 290 444 dona kadr hisobida hujjatlar raqamlashtirildi.
Davlat arxivining jamlash manbalari soni 149 tani tashkil etadi.
Ma'lumot uchun: Kosonsoy tumani davlat arxivida shu kunga qadar 34 ta tashkilot nazoratga olinib, jamlash manbalarining asosiy ro‘yxatiga kiritilgan.
Kosonsoy tumani davlat arxivida jami 131 ta fond bo‘lib, 1921–2019-yillarga oid 65 849 dona saqlov birligidagi hujjatlar mavjud. Shundan 34 485 ta saqlov birligida boshqaruv hujjatlari, 31 364 ta saqlov birligida esa shaxsiy tarkibga oid hujjatlar saqlanmoqda.
Hozirgi vaqtda eng ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida arxiv hujjatlarini tizimli raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2026-yilning shu kuniga qadar Kosonsoy tumani davlat arxivida 65 ta fonddan 11 739 ta saqlov birligidagi 1 011 730 ta kadr “e-saqlov” tizimiga kiritildi va bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Kosonsoy tumani davlat arxivida 10 nafar xodim faoliyat yuritib kelmoqda.
Ma'lumot uchun: Bugungi kunda Mingbuloq tumani davlat arxivida shtat bo‘yicha 10 nafar xodim faoliyat olib bormoqda. Xodimlar loyiha asosida qurilgan, zamonaviy talablarga mos ravishda ta’mirlangan, har tomonlama qulay xonalarda zamonaviy texnika vositalari bilan jihozlangan sharoitda mehnat qilmoqda.
Hozirgi kunda tuman davlat arxivida jami 222 ta fondda 71 252 ta saqlov birligidagi hujjatlar saqlanmoqda. Shundan 35 195 tasi boshqaruv hujjatlari, 36 757 tasi shaxsiy tarkib hujjatlarini tashkil etadi.
Alohida qimmatli hujjatlar soni 101 ta saqlov birligini tashkil etadi. Shuningdek, 26 476 ta shaxsiy tarkibga oid hujjatlar, mustaqillik davriga oid 12 506 ta boshqaruv hujjatlari, 8 959 ta shaxsiy tarkibga oid hujjatlar, 19 ta shaxsiy kelib chiqish hujjatlari hamda 35 617 ta shaxsiy tarkib hujjatlari mavjud.
Arxivda shu kunga qadar 41 ta tashkilot nazoratga olinib, jamlash manbalarining asosiy ro‘yxatiga kiritilgan.
Davlat arxivida 2026-yil iyun oyiga qadar 12 821 ta saqlov birligi raqamlashtirilib, jami 1 336 561 ta kadr olingan.









