Oʻzbekiston va Koreya arxiv sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
2026-06-23 10:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston va Koreya arxiv sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
2026-yil 22-iyun kuni Toshkent shahridagi “InterContinental Tashkent” mehmonxonasida “Oʻzarxiv” agentligi direktori Ulugʻbek Yusupov va Koreya Respublikasi Ichki ishlar va xavfsizlik vazirligining Xalqaro ma’muriy hamkorlik burosi Bosh direktori Park Soo-deok o‘rtasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi arxiv sohasidagi hamkorlikning bugungi holati hamda istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlari muhokama qilindi. Tomonlar arxiv hujjatlarini raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, mutaxassislar malakasini oshirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda ko‘rgazma va konferensiyalar tashkil etish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, 2016-yilda imzolangan hamkorlik memorandumini yangilash va yangi tahrirdagi hamkorlik hujjatini 2026-yil sentabr oyida Koreya Respublikasida oliy darajada o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan xalqaro simpozium doirasida imzolash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar arxiv sohasi bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish va yangi hamkorlik hujjati loyihasi yuzasidan takliflarni rasmiy tartibda almashishga kelishib oldilar.




