“YOSH ARXIVCHILAR FORUMI–2026” TADBIRLARI MUVAFFAQIYATLI YAKUNLANDI
2026-06-21 18:15:00 / Yangiliklar

“YOSH ARXIVCHILAR FORUMI–2026” TADBIRLARI MUVAFFAQIYATLI YAKUNLANDI
2026-yil 12–14-iyun kunlari Bo‘stonliq tumanidagi “OLMOS” sog‘lomlashtirish oromgohida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi tizimi tashkilotlari xodimlarining an’anaviy “YOSH ARXIVCHILAR FORUMI–2026” tadbirlari yuqori saviyada tashkil etildi.
Forum dasturidan sport, intellektual, ma’naviy-ma’rifiy va kasbiy yo‘nalishdagi qator tadbirlar o‘rin oldi. Jumladan, “O‘zarxiv” agentligi kubogi–2026 futbol chempionati, xotin-qizlar spartakiadasi, “Agentlik shohsupasi” shaxmat turniri, boshqarma boshliqlari o‘rtasidagi stol tennisi musobaqalari, “ZAKOVAT” intellektual o‘yini, “Palov chempionati”, “Uch avlod uchrashuvi”, “Yangi O‘zbekiston arxivlari: hududlarning eng yaxshi ko‘rgazma amaliyotlari” tanlovi, “Yilning eng faol yosh arxiv xodimi” respublika ko‘rik-tanlovi hamda “Jadal islohotlar davrida arxiv hujjatlarini fondlashtirish muammolari: tajriba va yechimlar” mavzusidagi amaliy konferensiya tashkil etildi.
Forum tadbirlari davomida ishtirokchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti, o‘zaro hamjihatlik va tajriba almashish jarayonlari yanada mustahkamlandi. Ayniqsa, yosh arxivchilarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda jamoaviy ishlash madaniyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirlarning yakuniy qismida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda sport musobaqalari, intellektual bellashuvlar, ko‘rgazmali loyihalar tanlovi va boshqa yo‘nalishlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan ishtirokchilarga diplom, kubok, medal va esdalik sovg‘alari topshirildi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan forum yosh mutaxassislarning kasbiy va intellektual salohiyatini rivojlantirish, milliy qadriyatlarni targ‘ib etish hamda arxiv tizimida faoliyat yuritayotgan yoshlarning o‘zaro hamkorligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
“YOSH ARXIVCHILAR FORUMI–2026” o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalarga erishgan holda, ishtirokchilarda unutilmas taassurotlar qoldirdi hamda kelgusi yillarda ushbu an’anani yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi.









