“YOSH ARXIVCHILAR FORUMI–2026” | Palov chempionati
2026-06-21 16:00:00 / Yangiliklar

“YOSH ARXIVCHILAR FORUMI–2026” DOIRASIDA “PALOV CHEMPIONATI” O‘TKAZILDI
2026-yil 12–14-iyun kunlari Bo‘stonliq tumanidagi “OLMOS” sog‘lomlashtirish oromgohida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi tizimi tashkilotlari xodimlarining an’anaviy “YOSH ARXIVCHILAR FORUMI–2026” tadbirlari yuqori saviyada tashkil etildi.
Forum doirasida arxiv yoshlari o‘rtasida o‘zbek xalqining milliy iftixori hisoblangan palov tayyorlash bo‘yicha “Palov chempionati” tashkil etildi. Mazkur tanlov milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, yoshlar o‘rtasida milliy taomlar tayyorlash an’analarini targ‘ib etish hamda jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida o‘tkazildi.
Musobaqada hududlardan saralangan ishtirokchilar qatnashib, oldindan tayyorlab kelingan 2 kilogramm guruch va unga mos masalliqlardan foydalangan holda turli usullarda palov tayyorladilar. Har bir ishtirokchi o‘z hududiga xos osh tayyorlash an’analari, pazandachilik mahorati va ijodiy yondashuvini namoyon etdi.
Tadbir davomida tayyorlangan taomlar hakamlar hay’ati tomonidan ta’mi, ko‘rinishi, tayyorlash texnologiyasiga rioya qilinishi hamda taqdimot madaniyati kabi mezonlar asosida baholandi. Bellashuv yakunlariga ko‘ra eng yuqori natijalarni qayd etgan ishtirokchilar orasidan 1-, 2- va 3-o‘rin g‘oliblari aniqlandi.
“Palov chempionati” forum ishtirokchilariga nafaqat milliy taom tayyorlash bo‘yicha o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazish, balki o‘zbek xalqining boy pazandachilik an’analari va milliy qadriyatlarini keng targ‘ib etish imkonini ham yaratdi.
Tadbir yakunida g‘oliblar va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.









