“O‘zarxiv” tizimida Yoshlar kuni: ko‘ngillilik g‘oyalari markazida
2026-06-18 13:00:00 / Yangiliklar

“O‘zarxiv” tizimida Yoshlar kuni: ko‘ngillilik g‘oyalari markazida
Iyun–avgust oylarida har payshanba kuni o‘tkazilayotgan “Yoshlar kuni” tadbirlari doirasida tasdiqlangan reja-grafikka muvofiq “O‘zarxiv” agentligi tizimida “Mening ko‘ngillilik hikoyam” mavzusida tanlov tashkil etildi.
Tanlovda o‘zining videohikoyasi bilan ishtirok etgan O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi, volontyor Bobur Karimov g‘olib deb topildi. Uning faol fuqarolik pozitsiyasi, jamoatchilik ishlaridagi ishtiroki hamda ko‘ngillilik faoliyatiga oid tajribasi tanlov hayʼati tomonidan yuqori baholandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Milliy arxivida “Ko‘ngillilik – kelajak” mavzusida arxivchilar va yoshlar ishtirokida uchrashuv tashkil etildi. Tadbir davomida volontyorlik faoliyatini yana-da rivojlantirish, yoshlarni jamoatchilik ishlariga keng jalb etish hamda arxiv sohasida ko‘ngillilar harakatini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Munozara shaklida o‘tgan ochiq muloqot chog‘ida ishtirokchilar xalqaro volontyorlik dasturlari, ularning imkoniyatlari va istiqbollari bilan tanishtirildi. Arxivchilar hamda arxiv volontyorlari tomonidan sohada amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar haqida maʼlumotlar berildi.
Uchrashuv yakunida yoshlar tomonidan boshqariladigan mahalliy volontyorlik markazini tashkil etish bo‘yicha qator taklif va tashabbuslar ishlab chiqildi. Mazkur takliflar kelgusida yoshlar faolligini oshirish, ko‘ngillilik harakatini kengaytirish hamda arxiv sohasida jamoatchilik ishtirokini kuchaytirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
“Mening ko‘ngillilik hikoyam” tanlovi g‘oliblari hamda faol ishtirokchilari taqdirlandi. Ularga tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Mazkur rag‘batlantirish yoshlarning ko‘ngillilik faoliyatidagi tashabbuskorligini qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yana-da oshirishga xizmat qiladi.









