Toshkent shahrida “Birodar shaharlar – 2026” birinchi xalqaro ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi
2026-05-06 11:00:00 / Yangiliklar

2026-yil 5-may kuni Toshkent shahrida “Birodar shaharlar – 2026” birinchi xalqaro ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli tadbir birodar shaharlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, xalq diplomatiyasi mexanizmlarini kuchaytirish hamda xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirish maqsadida tashkil etildi. Tadbirda 10 dan ortiq xorijiy mamlakatlardan ekspert va mutaxassislar, shahar ma’muriyati vakillari, O‘zbekistondagi xorijiy davlatlar elchixonalari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari (onlayn va oflayn formatda), shuningdek davlat va jamoat tashkilotlari, oliy ta’lim muassasalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ushbu konferensiyada "O‘zarxiv" agentligi direktori U.Yusupov o'z ma'ruzasi bilan ishtirok etdi. Shuningdek, tadbir doirasida O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi saqlovidagi arxiv hujjatlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Anjuman doirasida quyidagi asosiy tadbirlar o‘tkazildi:
- “Birodar shaharlar – xalq diplomatiyasining yorqin namunasi” mavzusida birinchi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya;
- plenar yig‘ilish va mavzuli seksiyalarda 30 ga yaqin ilmiy-amaliy ma’ruzalar;
- milliy hunarmandchilik namunalari ko‘rgazmasi;
- “O‘zbekistonning birodar shaharlari tarixi” mavzusidagi arxiv ko‘rgazmasi;
- hamkorlik shartnomalari va birodarlik bitimlarini imzolash marosimlari.
Shuningdek, anjuman doirasida shaharlararo hamkorlikning yangi bosqichini belgilovchi muhim tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, ekologik barqarorlik, raqamli boshqaruv, “aqlli shahar” konsepsiyasi, yoshlar diplomatiyasi va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi. Ishtirokchilar tomonidan birodar shaharlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada institutsional darajaga olib chiqish, muntazam forumlar tashkil etish hamda hududlararo to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Mazkur anjuman shahar diplomatiyasini rivojlantirish, hududlararo hamkorlikni kuchaytirish, investitsiyaviy va madaniy aloqalarni mustahkamlash hamda xalqaro munosabatlarda mahalliy darajadagi sheriklikni rivojlantirishda muhim platforma bo‘lib xizmat qildi. Tashkilotchilar kelgusida ushbu anjumanni har yili o‘tkazish, birodar shaharlar geografiyasini yanada kengaytirish, qo‘shma loyihalar sonini oshirish hamda amaliy natijadorlikni kuchaytirishni maqsad qilganini ma’lum qildi.
Umuman olganda, “Birodar shaharlar – 2026” birinchi xalqaro ilmiy-amaliy anjumani O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ochiqlik siyosati, xalq diplomatiyasi, innovatsion hamkorlik va hududlararo aloqalarni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarining muhim amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qildi.









