“Ikkinchi jahon urushi: ilmiy tadqiqotlar va tarixiy ma’lumotlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi
2026-04-24 18:30:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 24-aprel kuni Toshkent shahridagi G‘alaba bog‘i yodgorlik majmuasining “Shon-sharaf” davlat muzeyida “Ikkinchi jahon urushi: ilmiy tadqiqotlar va tarixiy ma’lumotlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Tadbirda soha mutaxassislari, yetakchi tarixchi olimlar, ilmiy tadqiqotchilar hamda arxiv tizimi vakillari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Jumladan, “O‘zarxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov, Axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliyev, agentlik direktori maslahatchisi Shuxrat Tursunboyev hamda O‘zbekiston Milliy arxivlari xodimlari konferensiyada faol qatnashdilar.
Konferensiya davomida Ikkinchi jahon urushi davriga oid ilmiy izlanishlar, yangi tadqiqotlar, arxiv manbalari asosidagi tahlillar hamda tarixiy voqealarning zamonaviy talqinlari muhokama qilindi. Ishtirokchilar tomonidan tarixiy haqiqatlarni chuqur o‘rganish va ularni keng jamoatchilikka yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tadbir doirasida Ikkinchi jahon urushida O‘zbekiston xalqining front va front ortidagi jasorati, sabr-matonati, mardligi va vatanparvarligini aks ettiruvchi “O‘chmas u kunlar shuhrati” mavzusida arxiv hujjatlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Belarus arxivlari hamkorligida tayyorlangan qo‘shma arxiv hujjatlar ko‘rgazmasi namoyish etilib, unda ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy aloqalar va urush davriga oid muhim arxiv materiallari keng jamoatchilik e’tiboriga havola etildi.









