2026-yil 19-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi o‘rtasida arxiv hujjatlaridan foydalanish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
2026-02-19 16:20:00 / Yangiliklar

2026-yil 19-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi o‘rtasida arxiv hujjatlaridan foydalanish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli tadbir ikki davlat arxiv sohasi rahbarlari va yetakchi mutaxassislarini bir maydonda jamlab, hujjatli merosni saqlash, o‘rganish hamda undan samarali foydalanish borasida tajriba almashish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.
Seminarda O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi «O‘zarxiv» agentligi rahbariyati va xodimlari, respublika milliy arxivlari direktorlari hamda hududiy arxiv ishi boshqarmalari boshliqlari ishtirok etdilar. Belarus tomonidan esa Belarus Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Arxivlar va ish yuritish departamenti rahbariyati, shuningdek, Minsk va Dzerjinsk shaharlaridagi respublika arxiv muassasalari vakillari qatnashdilar. Seminar ishiga tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Anvarjon Orifjonovich Aliyev moderatorlik qildi.
Tadbirni ochish marosimida Ulug‘bek Mirtalibovich Yusupov – O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi «O‘zarxiv» agentligi direktori hamda Oleg Leonidovich Voinov – Belarus Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Arxivlar va ish yuritish departamenti direktori ishtirokchilarga tabrik so‘zi bilan murojaat qildilar. O‘z chiqishlarida ular ikki davlat o‘rtasidagi arxiv sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, raqamlashtirish jarayonlari, ochiq ma’lumotlar siyosati hamda tarixiy hujjatlarni keng jamoatchilikka yetkazish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Seminarning asosiy qismida qator dolzarb mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Jumladan, O‘zbekiston Milliy ilmiy-texnikaviy va tibbiyot hujjatlari arxivi direktori Mahkamov Alijon Vahobovich “Shaxsiy kelib chiqish fondlaridan faol foydalanish tajribasi” mavzusida ma’ruza qilib, ilmiy-tadqiqot faoliyatida shaxsiy fondlarning ahamiyati va ularni tizimli o‘rganish mexanizmlari haqida so‘z yuritdi. Belarus Respublikasi Milliy arxivi direktor o‘rinbosari, tarix fanlari nomzodi Kulinok Svyatoslav Valentinovich esa 2020–2025-yillarda amalga oshirilgan nashriyot faoliyati, chop etilgan to‘plam va ilmiy nashrlar, shuningdek, istiqboldagi loyihalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Milliy arxivi ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Abdurahimova Shahnoza Asatullayevna 2017–2025-yillarda arxiv fondi hujjatlarining ilmiy va amaliy qo‘llanilishi, tadqiqotchilar bilan hamkorlik hamda arxiv xizmatlarining zamonaviy shakllari haqida ma’ruza qildi. Belarus Davlat kino-foto-fono hujjatlar arxivi bosh fond saqlovchisi Mariya Dmitriyevna Romanova esa audiovizual hujjatlarni internet makonida ommalashtirish, raqamli platformalar orqali tarixiy merosni keng auditoriyaga yetkazish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Mazkur xalqaro seminar arxiv hujjatlaridan foydalanishning ilmiy-uslubiy asoslarini takomillashtirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish va arxiv sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Seminar natijalari kelgusida qo‘shma loyihalar, ilmiy nashrlar va professional almashinuv dasturlarini amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Tadbirni yoritishda yaqindan yordam bergan ommaviy axborot vositalari vakillariga “O‘zarxiv” agentligi tomonidan minnatdorlik bildiriladi.









