Jadidlar yoʻlini izlagan musavvir | Shuxrat Mir Rayim, Saida Sherboyeva
2026-02-17 14:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Jadidlar yoʻlini izlagan musavvir
Jolliboy Tanirberganovich Izentayev - Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasi akademigi, Oʻzbekiston xalq rassomi, Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, Berdaq nomidagi davlat mukofoti sovrindori oʻz ijodi bilan Qoraqalpogʻiston tasviriy sanʼatining shakillanishiga ulkan hissa qoʻshgan jamoat arbobi, Qoraqalpogʻiston tasviriy sanʼatining yirik namoyondasi. Ulugʻ xalq qudratini moʻyqalam bilan tasvirlay olgan, jadidlar izini tasvirda koʻtsatgan olim, kuy va qoʻshiqlarni qalam bilan ijodiga qoʻshgan musavvir.
Bugungi kunda rassom tomonidan yaratilgan turli janrlardagi asarlar yurtimiz va dunyoning bir nechta davlatlari kolleksiyalaridan munosib oʻrin egallab oʻzining noyobligi va yuqori qiymati bilan yosh avlod uchun qimmatli manba sifatida katta ahamiyat kasb etib kelmoqda.

Jayhun qirgʻoqlaridagi oʻylar va bolalik yillari
Jolliboy Izentayev 1943-yil 28-fevralda Qoʻngʻirot tumanida tavallud topgan. Ustyurtning yastanib yotgan bepayon choʻllaridan Jayhunning choʻlga qaragan nigohi oʻrtasida oʻtgan bolaligi urush va urushdan keying oʻgʻir iqtisodiy tanglik yillariga toʻgʻri kelgan. Oʻsha davrning ijtimoiy vaziyati yosh musavvir qalbida buyuklikdan darakdek kelajakda uning ijodiga taʼsir koʻrsatgan. Yoshligida Jayhun qirgʻoqlarini oʻrganganar ekan, hayollarini moʻyqalam bilan mustahkamlashga undaydi. Daryoning joʻshqin hayqirigʻini qalam bilan tasvirlay olgan rassomning nidosi bolaligidan boshlangan. Uning ilk ijodi maktabdan boshlanib, choʻl manzarasi aks etgani bejizga emas. Rassom bolaligidayoq, maktab ostonasidan xatlamay, otasi bilan choʻlga borib qaytganida kechinmalarini qogʻozga tushirishni boshlagan. Uning ilk ijodida choʻl qumlari, zarralarining tasvirlarda shamol taʼsirida uchayotgan aksi, beihtiyor, odamda choʻl nafasini keltirib yuboradi. Onasining bir necha bor tanbehiga qaramay 5-7 yoshlarida choʻlga yolgʻiz chiqib ketishi kelajakda mustaqil fikrga egaligini shakllantirgan. Bolalik chogʻidan boshlangan iqtidorni maktabda tasviriy sanʼat fani ustozi Respublikaning taniqli haykaltaroshlaridan biri Aman Avazgeldiyevich Atambayev sezib, yosh Izentayevga maktabdan tashqari tasviriy sanʼatning ilk saboqlarini bergan birinchi ustoz boʻldi. Keyinchalik rassom ustozi haqida iliq fikrlaridan birida shunday degan edi: “Maktabda oʻqib yurgan kezlarimda hammada ham oddiy qalam boʻlmasdi, urushdan keyingi qiyinchiliklar, oilalardagi iqtisodiy yetishmovchiliklar taʼlimga qattiq taʼsir koʻrsatayotgan davr edi. Shunday boʻlsa ham ustozimiz koʻpchilik oʻquvchilarga, menga ham oʻzlari qalam berardi. Darslardan keyin qalamlarimizni yigʻishtirib olardi. Har bir bolaning qalam ushlashiga qarab uning iqtidorini bilib olardi. Oʻshanda menga qarata bolam senga qalamni ushlashni kim oʻrgatayapti…” deganlari esimda. Ustozga birinchi kunlardanoq mehri oʻzgacha uygʻondi. Kechalari ustozi bilan shamchiroqda chizgan suratlari ustozda hayrat uygʻota boshlagan. Onasi bu suratlarni koʻrib, unda bolalik qiziqishi boʻlsa kerak deb oʻylagani, keyinchalik muvaffaqiyat yoʻli ekanligini koʻrgan. Yosh rassomning Ustyurt choʻllaridan to Jayhun qirgʻoqlarigacha boʻlgan tabiat chizgilari, Qoʻngʻirot elining manzaralari, ijodida tabiatdan zavqlanish hissi uni P.Benkov nomidagi Respublika rassomchilik bilim yurtiga yetakladi. Oʻsha davr bolalarida quvnoqlik qanchalik boʻlgani bizga qorongʻu boʻlishi mumkin lekin Izentayevdagi quvnoqlik va bolalarcha fikrlash ancha keng boʻlgan. Bilim yurtigacha boʻlgan uning bolaligi bugun ijodining sara davriga toʻgʻri keladi. Bilim yurtida u koʻplab mohir ustozlar A.Perov va E.Melnikovlardan professional rangtasvir sanʼatining dastlabki sir-asrorlarini oʻrgandi. Soʻng A.N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomchilik institutida oʻqishni davom ettirdi. Jolliboy institutda dastlab mashhur rassom Raxim Axmedov guruhida oʻqidi. Keyin unga Neʼmat Qoʻziboyev va Mannon Saidov kabi tajribali rangtasvirchi rassomlar saboq berishdi.
Ilk ijod namunalari
Rassom J.Izentayevning dastlabki ijodi davrida erishgan eng asosiy yutugʻi barcha janrlarda – natyurmortdan tortib portretgacha, manzaradan tortib yirik tarixiy polotnolargacha yozish malakasini egallagani ularda rangtasvir va gʻoya mazmun bilan bogʻliq turli masalalarni echa olish darajasiga koʻtarilganida koʻrinadi. Buyuk musavvirning ijodini oʻrganar ekanmiz, uning ilk ijodini maktab yillari deb tahlil qilish mumkin. Garchi bolalik yillaridagi ijodlarida u keng miqyosdagi tasvirlarni bermagan boʻlsada, Qoʻngʻirot elining turmushini, tabiatini, odamlarning bir-biriga boʻlgan munosabatini bolalarcha tasvirlab bergan asarlari uning ilk ijodi hisoblanadi. Bugun koʻpgina darslik va adabiyotlarda musavvirning ilk ijodiy namunalarini uchratish qiyin emas. Uning saqlanib qolgan qoʻlyozmalari, oila aʼzolariga aytgan oʻgitlaridan bilishimiz mumkinki, ilk ijodi ilk qalam ushlaganidan emas, balki tabiatni sevganidan boshlangan. Rassomlik bilim yurtida, keyin institutdagi oʻqish jarayonida oʻzlashtirgan turli janrda asar yozish va rangtasvirda yuksak professional mahoratga erishgani rassomga ijod yoʻlining keyingi bosqichlarida rassom ajoyib turkum asarlar yaratishi uchun mustahkam poydevorga aylandi.
Musavvirning tematik yondashuvi va ijodi
J. Izentaqyevning 1960-yillarda, yaʼni rassomlik bilim yurtida tahsil olayotgan chogʻlarida chizgan rasmlariga nisbatan, 1970-yillar oxiri 1980-yillar boshiga tegishli turkum grafik portretlar va qalamtasvir rasmlar, jumladan “Qushinbay portreti”, “Ona portreti”, “Boranboy portreti”, “Qoraqalpoq ayoli”, “Baliqchi Amanbay”, “Askar maktublari”, “Birinchi komsomolchilar”, “Begjar fojiasi” asarlari rasm chizish mahoratini ancha oʻsganini namoyon etadi. Rassom ijodi turli xil mavzu va janrlarga boy asarlar bilan serjilo tus ola boshladi. Ularda oʻzgacha kompozitsion yechim, kolorit, rang va fakturalardan keng foydalangan.

J.Izentayev. Xatep qishlogʻidan Musallam xolaning portreti. 1986-yil

J.Izentayev. Qoraqalpogʻistonda kuz. 1986-yil
Qoraqalpoq xalqi hayotini chuqur oʻrgangan rassom milliy koloritda oʻziga xos turfa asarlar yaratdi, oʻz diyorining kundalik hayotidan tortib, oʻy-kechinmalari, orzu-umidlari, goʻzal tabiati, turmush tarzini serjilo ranglarda aks etdi. Tarixiy mavzudagi yirik asarlar “Umid yoʻlida”, “Begjar fojiasi” singari asarlari, manzara janridagi “Xiva. Changli kun”, “Qoʻhna Urganch. Bozor”, “Bahorda Nukus”, “Qoraqalpogʻistonda kuz”, “Yashil hovli” kabi ijodiy ishlari, “Qumgʻonli natyurmort”, “Niqobli natyurmort” va boshqa natyurmortlari, Orol muammosiga bagʻishlangan “Moʻynoq. Qumdagi saksovul”, “Kemalar qabristoni”, “Moʻynoq”, “Chekinayotgan dengiz tubi” asarlari yurtimiz tasviriy sanʼatining sara namunalariga aylangan. Rassom “Shoir T.Jumamuratov portreti” va “Poskan zamini” manzarasi uchun yuksak mukofotlardan biri Berdaq nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Uning portret janridagi asarlari XX asr oxiri-XXI asr boshi Qoraqalpogʻiston rang tasvirida milliy ruhni aks ettirishga samarali taʼsir koʻrsatdi.
Ayniqsa, “Chekinayotgan dengiz tubi” kartinasi orqali buyuk musavvir Orol dengizining qurishi va uning oqibatida yuzaga kelgan ekologik fojiani aks ettiradi. Rassom unda dengiz chekinganidan soʻng qolgan kimsasiz, qum bosgan tubini va insoniyat boshiga tushgan gʻam-anduhni tasvirlagan. J. Izentayev oʻz ijodida qoraqalpoq xalqining hayoti va tabiatini mahorat bilan tasvirlab kelgan. Ushbu asar nafaqat tabiat manzarasini, balki Orol fojiasining falsafiy-lirik talqinini ham oʻzida mujassam etgan.

J.Izentayev. Qumgʻon bilan natyurmort. 1982-yil

J.Izentayev. Kechki paxta dalalari.1988-yil
Ijodkor umri davomida Misr, Bolgariya, Fransiya, Rossiya, Sloveniya, Germaniya kabi koʻplab davlatlarda ijodiy safarlarda boʻlgan va qator asarlar yaratgan. Asarlarda oʻziga tanish boʻlmagan joy manzarasining nozik qirralarini undagi bor ranglarning mohirlik bilan berilganligi va tabiatning oʻziga xosligi ifoda etilganligi kishini hayratga soladi.
J.Izentayevning ijodiy faoliyati qanchalik sermahsul va boy boʻlsa, uning davlat va jamoat arbobi sifatida ham olib borgan ishlari ham shunchalik salmoqli boʻldi.
Ustoz va shogird anʼanalariga sodiqlik
U uzoq yillar davomida Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi raisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengashi deputati sifatida ish olib bordi. Rassomning yaratgan eskizlari asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi milliy gerbi va bayrogʻi tayyorlandi. Shu bilan birga uning jonbozligi bilan 1992-yilda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Rasm va chizmachilik” kafedrasi ochildi va u erda Izentayevning oʻzi ham yosh avlodga tasviriy sanʼat sirlarini oʻrgatdi.
1997-yilda esa iqtidorli bolalar maxsus ixtisoslashtirilgan maktab-internatining ochilishida Izentayevning say-harakatlari bilan uning yosh avlod taʼlimi, tarbiyasi va kelajagi uchun jon kuydirganligini koʻrishimiz mumkin. Uning nomini abadiylashtirish maqsadida ushbu Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Qoraqalpogʻiston ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internatiga Jolliboy Izentayevning nomi berildi, maktabda haykali oʻrnatildi, hayoti va ijodiga bagʻishlab albom-katalog chop etildi. Albatta bugungi kunda u insonning olib borgan ishlari tez-tez yodga olinib, chuqur hurmat bilan tilga olinadi.
Bugungi kunda ustozning minglab shogirtlari faoliyat olib bormoqda. Uning shogirtlari oʻz ijodlarida ustozining oʻgitlarini aks ettirgan suratlarini koʻrgan mutaxassis, tezda Izentayev shogirdi ekanligini ilgʻab oladi. Shunday kartinalardan iborat bir necha bor “Rassom hayot yoʻli” koʻrgazmalari tashkil etildi. Musavvir oʻzidan keyin shogird va ijodiy asarlari qatorida tirik guvoh sifatida oʻz oʻgʻlini rassom sifatida qoldirgani, avlodlar davomiyligidan dalolatdir. Bugun uning ijodini davom ettirib, tasviriy sanʼatning rivojlanishiga oʻz hissasini qoʻshib kelayotgan ijodkor oʻgʻli Toshkent Fotosuratlar uyida rahbarlik qilib kelmoqda.
Hayotning soʻnmas yulduzi
Ustoz musavvir hayotining kulminatsion nuqtasida buyuklikni qoʻlga kiritgan, soʻnmas ijodni yarata olgan va avlodlarga oʻzining borligʻini qoldira olgan shaxslardan hisoblanadi. Ayniqsa, mustaqillik yillarida yaratgan asarlari bugun barchamizni quvontirganidek, chet ellik turistlar nigohida qoraqalpoq elining tarixini, chuqur ildizini koʻrsatib bera oladi. U ijod yoʻlining choʻqqisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi bayrogʻi va gerbini yaratishda mualliflik qildi. Bu asarlar Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan yuqori baholanib, yuksak eʼtirofga sazovor boʻldi.
Izentayev tasviriy sanʼat ravnaqiga qoʻshgan salmoqli hissasi va samarali ijtimoiy-siyosiy faoliyati uchun faxriy unvonlar, davlat ordeni-medallari va mukofotlari bilan taqdirlangan.
Unga Oʻzbekiston xalq rassomi, Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi va Berdaq nomidagi Davlat mukofoti berilgan. Uning “Qoraqalpogʻiston – mening Vatanim” turkum kartinalari uchun vafotidan keyin 2013-yilda Oʻzbekiston Davlat mukofoti berildi. Akademik Jolliboy Izentayev oʻzining noyob ijodi va fidokorona ijtimoiy faoliyati bilan qoraqalpoq milliy madaniyati va sanʼati ravnaqiga salmoqli hissa qoʻshdi. Uning ajoyib asarlari Oʻzbekiston tasviriy sanʼatining ajralmas qismi Qoraqalpogʻiston milliy tasviriy sanʼatining oltin fondidan munosib oʻrin egalladi.

J.Izentayev ish chogʻida. 1984-yil (Oʻz KFFH MA, 0-134000)

J.Izentayev shaxsiy koʻrgazmasi chogʻida. 1984-yil (Oʻz KFFH MA, 0-134001)
Ustoz musavvir yaratgan soʻnmas asarlar bugun dunyoning turli burchaklaridagi galereyalarda saqlanib kelinmoqda. Eng muhimi, hozirgi kunda Oʻzbekiston Kinofotofono hujjatlari Milliy arxivi saqlovidagi 1984-yilda suratga olingan Berdaq nomidagi davlat mukofoti sovrindori, Qoraqalpagʻiston xalq rassomi, Qoraqalpagʻiston rassomlar uyushmasi raisi Jolliboy Izentayevning ijod chogʻidagi, Qoraqalpogʻistonda oʻtkazilgan shaxsiy koʻrgazmasi hamda Qoraqalpogʻiston rassomlari E.Erimbetov va J.Izentayevlar aks ettirilgan fotohujjatlar davlat saqlovida noyob manba sifatida saqlanib kelinmoqda.
Jolliboy Izentayev Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻistonning atoqli rassomi boʻlib, u Nukusdagi Savitskiy nomidagi muzeyning rivojlanishiga hamda milliy rassomlik maktabining shakllanishiga ulkan hissa qoʻshgan olim-musavvirdir.
Hozirda Nukus shahrida rassom nomi bilan atalgan ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internati faoliyat yuritmoqda.
Shuxrat Mir Rayim,
Saida Sherboyeva
