“O‘zarxiv” agentligi direktori U.Yusupov Farg‘ona viloyatidagi Yosh arxivchi xodimlar bilan uchrashuv o‘tkazdi
2026-02-12 15:00:00 / Yangiliklar

2026-yil 12-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi direktori U. Yusupov Farg‘ona viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi tizimidagi arxiv muassasalarida faoliyat yuritayotgan 35 nafardan ortiq yosh xodimlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan ishlash, ularning bandligini ta’minlash, kasbiy salohiyatini oshirish hamda davlat organlari faoliyatida yosh mutaxassislarning rolini kuchaytirishga qaratilgan qaror va topshiriqlari ijrosi doirasida tashkil etildi.
Uchrashuv davomida O‘zarxiv agentligi rahbari tomonidan arxiv sohasi rivojining ustuvor yo‘nalishlari, tizimda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, hujjatlarni raqamlashtirish, elektron arxivlarni shakllantirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, arxiv hujjatlarining saqlanishini ta’minlash hamda foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish masalalari yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.
Shuningdek, yosh xodimlarning kasbiy bilim va malakasini oshirish, ularni zamonaviy axborot texnologiyalariga o‘qitish, xorijiy tajribalarni o‘rganish, xizmat faoliyatida innovatsion yondashuvlarni qo‘llash hamda yosh kadrlar zaxirasini shakllantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar alohida ta’kidlab o‘tildi.
Uchrashuv jarayonida yosh xodimlar tomonidan o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan savollar berildi, mavjud muammolar ochiq muloqot tarzida muhokama qilindi hamda arxiv sohasi faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Rahbar tomonidan yosh xodimlarning bildirilgan fikr va takliflari ijobiy baholanib, ularni amaliyotga joriy etish yuzasidan tegishli mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
Uchrashuv yakunida, O‘zarxiv agentligi rahbari yosh xodimlarning faolligi va tashabbuskorligini yuqori baholab, ularni kelgusida ham o‘z ustida muntazam ishlashga, kasbiy mahoratini oshirib borishga, arxiv sohasi rivojiga munosib hissa qo‘shishga chaqirdi hamda ularning xizmat faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.








