"Vatan himoyachilari kuni" tarixi | Shuxrat Mir Rayim
2026-01-14 10:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
"Vatan himoyachilari kuni" tarixi
14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni barchangizga muborak bo‘lsin!
Ushbu sananing tarixi arxiv hujjatlarida belgilab berilganligini ko‘rish mumkin. Jumladan, davlat mustaqilligining ilk kunlaridan O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning Farmoniga binoan O‘zbekistonda ilk bora Mudofaa ishlari bo‘yicha vazirlik tashkil etildi. Bu 1991-yil 6-sentabrdagi tarixiy Farmon edi. Yillar davomida sobiq sho‘ro tuzilmalariga xizmat qilib kelgan o‘zbek armiyasi mustaqillikning birinchi haftasidayoq vatanni asrashning mukammal, huquqiy asosiga ega bo‘ldi.
1992-yil 14-yanvarda qabul qilingan Prezident qarori bilan respublikamiz hududida joylashgan barcha harbiy tuzilmalar O‘zbekiston Respublikasining tasarrufiga o‘tkazildi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Oliy kengashida Vatan himoyachilari kunini belgilash to‘g‘risidagi qonun loyihasi kelib tushgan. Ko‘p muhokamalardan so‘ng 1993-yil 29-dekabrda Oliy Kengashga taqdim etilgan loyiha asosida O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilingan. Ushbu qonunda yuqoridagi qarorga asoslangan holda 14-yanvar – O‘zbekistonda Vatan himoyachilari kuni etib belgilangan.
Vatanni qo‘riqlash-uni nafaqat sarhadlarini, balki har bir fuqarosini, tilini, dinini, qadriyatlariyu, xalqimizning urf-odatlarini yod ko‘zlardan qo‘riqlashni anglatadi. Mamlakatimizning hududiy yaxlitligini, tinch-osoyishtaligini, mustaqilligini, bunyodkorligini, xalqimiz mehnatini himoya qilishni anglatadi. Bu kun vatanparvarlik ruhida tarbiyalanayotgan barcha yoshlarimizni himoya qilishni anglatadi.
Ushbu kunni bayram sifatida nishonlash, kunni belgilash to‘g‘risidagi huquqiy hujjatlar O‘zbekiston Milliy arxivida saqlanmoqda.
Shuxrat Mir Rayim
