O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi “2025-yil yakunlari: asosiy natijalar” mavzusidagi BRIFING
2025-12-26 16:55:00 / Yangiliklar

“O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliyev ishtirokida 2025-yil 26-dekabrdagi “2025-yil yakunlari: asosiy natijalar” mavzusida
BRIFING
Assalomu alaykum hurmatli yurtdoshlar
Arxiv ishi sohasida 2025-yilgi hisobot davrida bajarilgan ishlar to‘g‘risida maʼlumot beramiz.
O‘zbekiston milliy arxivlari va respublika davlat arxivlari tomonidan jami 1,2 mln. saqlov birligidagi 96,9 mln. kadr hujjatlar raqamlashtirildi.
2025-yil boshidan 115,8 ming saqlov birligidagi qariyb 15,2 mln. kadr raqamlashtirildi va reja 101,8 foizga bajarildi.
O‘zbekiston milliy arxivlari va davlat arxivlari tomonidan “Davlat arxivlarida raqamlashtirilayotgan hujjatlarni yagona saqlovini taʼminlash hamda ulardan foydalanish” axborot tizimida jami 1,29 mln maʼlumotlar to‘plamlari kiritildi, shundan 422 ta fond, 1634 ta ro‘yxat, 347 ming saqlov birligi va 946 ming hujjat bazasi yaratildi hamda reja 108 foiz bajarildi.
Davlat arxivlarini modiy texnika bazasini tustahkamlash, raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish maqsadida taʼminlash uchun 100 ta zamonaviy kompyuter xarid qilinib, tegishli davlat arxivlariga o‘rnatildi.Davlat arxivlarining moddiy texnika bazasini rivojlantirish, shu jumladan turli xildagi 105 ta skanerlash uskunalari xarid qilindi. Arxiv hujjatlarining sug‘urta fondini yaratish tizimi joriy qilindi, shu jumladan 35 mm kenglikdagi plyonkalar bilan ishlaydigan SMA 51 uskunasi belgilangan tartibda xarid qilinib, O‘zbekiston milliy arxivida ishga tushirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-apreldagi 208-son qarori asosida arxiv sohasi mutaxassislarini baholashga mo‘ljallangan «Arxiv ishi» tizimida modul (servis) ishlab chiqilib, quyidagilar bajarildi:
-
malaka mezonlari asosida test savollarini qo‘shish;
-
foydalanuvchini onlayn testdan o‘tkazish va baholash;
-
foydalanuvchini onlayn suhbatdan o‘tkazish va baholash;
-
test va suhbat natijasi asosida avtomatik maʼlumot va sertifikatni shakllantirish;
-
amaldagi kasbiy kompetentlik guvohnomalari haqidagi maʼlumotlar arxiv hujjatlarini tartibga keltirishga kompetentligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazilgan talabgorlar reyestriga kiritilishini taʼminlash.
Davlat nazorati modulini takomillashtirish: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi «Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-184-son Farmoni asosida Davlat nazorati modulini takomillashtirish va texnologik yo‘riqnoma asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning «Yagona davlat nazorati» axborot tizimi bilan integratsiya qilindi.
“O‘zarxiv” agentligi va Kadastr agentligining 2025-yil 20-maydagi “Tizimda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarning oldini olish to‘g‘risida” qo‘shma buyrug‘iga muvofiq, “Arxiv ishi” axborot tizimida (my.archive.uz) 700 nafardan ziyod Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmalari, tuman (shahar) filiallari masʼul xodimlari ro‘yxatdan o‘tkazildi. Hozirda Davlat arxivlari tomonidan yerga oid so‘rovlarga javob berilganda kadastr xodimlari tomonidan ushbu javobning asos hujjatilarini tekshirish imkoniyati yaratildi.
Davlat xizmatlari yagona reyestriga (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 27-oktabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, ro‘yxat raqami 3467) ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligiga tegishli 10 ta xizmat mavjud.
“O‘zarxiv” agentligi tomonidan ko‘rsatiladigan elektron davlat xizmatlari qamrov darajasi oshirilib, elektron davlat xizmatlari soni 10 taga yetkazildi.
2025-yilda joriy etilgan xizmatlar:
1. Nodavlat arxivning faoliyati boshlanganligi yoki tugatilganligi to‘g‘risidagi xabarnoma (license.gov.uz);
2. Talabgorlarni arxiv hujjatlarini tartibga keltirishga kompetentligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish (my.gov.uz).
Maʼlumot uchun: Davlat xizmatlari yagona reyestriga kiritilgan “O‘zarxiv” agentligiga tegishli 8 ta davlat xizmati belgilangan tartibda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali hamda 2 ta davlat xizmati “Litsenziya” axborot tizimi (license.gov.uz) orqali elektron shaklda ko‘rsatilmoqda.
2025-yil davomida Respublika arxivlariga jami 557 975 ta mavzuli va ijtimoiy-huquqiy mazmundagi so‘rovlar kelib tushgan.
Jumladan, ijtimoiy-huquqiy mazmundagi so‘rovlar 409 084 ta tashkil etib, shundan davlat arxivlariga 218 468 ta, shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlariga 190 616 ta kelib tushgan.
Davlat xizmatlari markazlari (DXM) va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali 391 478 ta, anʼanaviy pochta va elektron pochta orqali 14 578 ta ijtimoiy-huquqiy mazmundagi so‘rovlar kelib tushgan bo‘lsa, shundan, 3 028 nafar fuqaro bevosita arxivga murojaat etgan.
Arxiv hujjatlari asosida 283 953 ta ijtimoiy-huquqiy mazmundagi so‘rovlar ijrosi bajarilib, ulardan 264 326 tasi ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 19 627 tasi bo‘yicha tegishli tushuntirishlar berilgan. Tashkilot hujjatlari arxiv saqloviga kelib tushmaganligi va taalluqliligi bo‘yicha tegishli tashkilotlarga yuborilgan so‘rovlar 115 155 tani, hisobot davrida ijrodagilar 9 976 tani tashkil etadi.
Shuningdek, kelib tushgan mavzuli so‘rovlar 148 891 tani tashkil etib, shundan davlat arxivlariga 138 218 ta, shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlariga 10 673 ta so‘rovlar kelib tushgan.
Arxiv hujjatlari asosida 148 891 ta so‘rovlar ijrosi bajarilib, ulardan 120 962 tasi ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 27 929 tasiga tashkilot hujjatlari arxiv saqloviga kelib tushmaganligi bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
“O‘zarxiv” agentligi va uning tizimidagi tashkilotlariga 2025-yil davomida jismoniy va yuridik shaxslardan 1503 ta murojaatlar kelib tushgan, jumladan, 1402 tasi ariza bo‘lsa, 101 tasi shikoyat turidagi murojaatlar hisoblanadi.
Kelib tushgan murojaatlarning 823 tasi qanoatlantirilgan, 496 tasi bo‘yicha tushuntirish berilgan, 70 tasi taalluqliligi bo‘yicha tegishligi tashkilotlarga yuborilgan, hisobot davrida 29 ta murojaatlar ko‘rib chiqilmoqda.
Bundan tashqari, 2025-yil davomida o‘tkazilishi rejalashtirilgan 20 ta sayyor qabuldan, amalda o‘tkazilgan sayyor qabullar soni 20 tani tashkil etdi, shu jumladan, Agentlik direktori tomonidan 14 ta, direktor o‘rinbosari tomonidan 6 ta sayyor qabul o‘tkazilgan.
Agentlik tizimidagi arxiv muassasalarida 2025-yil davomida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda kamchilik hamda qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yganliklari uchun 13 nafar rahbar va masʼul xodim intizomiy javobgarlikka tortilgan.
“O‘zarxiv” agentligi va Arxiv ishi hududiy boshqarmalari tomonidan 355 ta vazirlik va idoralar hamda boshqa tashkilotlarda arxiv ishi va ish yuritish holati ustidan davlat nazorati amalga oshirildi.
Davlat nazorati tadbirlari natijasida 341 ta tashkilotlarga ko‘rib chiqishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar yuborildi. Tekshirishda aniqlangan qonunbuzilishlari bo‘yicha 76 nafar masʼul xodimlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 2154-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik bo‘yicha maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli sud organlariga yuborildi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 5 ta material yuborildi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalqaro shartnomaviy-huquqiy faoliyatini takomillashtirishga doir 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan ish rejasi 10-bandiga muvofiq mahalliy tashkilotlar hamda MDH va xorijiy davlatlar arxivlari, muzeylari va ilmiy-amaliy institutlari va idoralari bilan arxiv ishi va ish yuritish sohasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish maqsadida 7 ta xalqaro hujjat imzolangan.
2025-yilda Agentlik tomonidan AQSH, Yaponiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Avstriya, Germaniya, Chexiya, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston va Qirg‘iz Respublikasidan bo‘lgan 71 ta xorijiy tadqiqotchilarga O‘zbekiston milliy arxivlari, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Farg‘ona, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari davlat arxivlari, Qo‘qon shahar davlat arxivi hamda Toshkent shahar Markaziy davlat arxivi o‘quv zallariga tashrif buyurishlari uchun o‘rnatilgan tartibda ruxsat berilgan.
2025-yil 23-26-aprel kunlari Buxoro shahrida “O‘zbekiston-Ozarbayjon aloqalari arxiv foto hujjatlarida” kitob-albomining taqdimoti va “O‘zbekiston va Ozarbayjon ikki qardosh xalq” mavzusidagi qo‘shma arxiv hujjatlari ko‘rgazmasi o‘tkazilgan.
2025-yil 13-17-may kunlari Toshkent shahriga Rossiya Federatsiyasi Perm davlat ijtimoiy-siyosiy tarixi arxivi delegatsiyasining tashrifi amalga oshirildi hamda 14 mayda “O‘zbekistonlik mehnat armiyachilarining Ikkinchi jahon urushi yillaridagi jasorati” mavzusidagi qo‘shma ko‘rgazma o‘tkazilgan.
2025-yil 20-22-may kunlari Samarqand shahriga Tatariston Respublikasi Arxiv ishi bo‘yicha Davlat qo‘mitasi (Rossiya Federatsiyasi) raisi G.Z. Gabdrahmanova boshchiligidagi delegatsiyaning tashrifi amalga oshirildi hamda 21-mayda “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi hamda Tatariston Respublikasi Arxiv ishi bo‘yicha Davlat qo‘mitasi o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Chora-tadbirlar rejasi imzolangan.
2025-yil 19-22-avgust kunlari Buxoro shahrida “O‘zbekistonda Qozog‘iston arxivlari kunlari” o‘tkazildi. Xalqaro tadbir doirasida “O‘zbekiston arxivlarida Qozog‘iston bilan aloqalarga oid arxiv hujjatlari” va “Qozog‘iston arxivlarida O‘zbekiston bilan aloqalarga oid arxiv hujjatlari” ko‘rgazmalari namoyish etildi. Ko‘rgazmalardan so‘ng yangi nashr etilgan “O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida madaniy hamkorlik arxiv foto hujjatlarida” kitob-albomining taqdimoti hamda “Axborot jamiyatida arxivlar o‘rni va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman yalpi majlisining ochilish marosimi o‘tkazildi.
2025-yil 22-25-sentabr kunlari Belarus Respublikasi Adliya vazirligi Arxivlar va ish yuritish departamenti direktori O.L.Voinov boshchiligidagi delegatsiyaning Toshkent shahriga tashrifi amalga oshirildi. Arxiv sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qilish.
“O‘zbekiston-2030” strategiyasining 2025-yilga belgilangan davlat dasturi bo‘yicha 4 ta maqsadlarida 21 ta vazifalar, tadbirlar tashkil etildi;
2025-yil sohada “Arxivlar — tarix ko‘zgusi, raqamli kelajak oyinasi” nomi bilan belgilandi hamda ijtimoiy tarmoqlarda targ‘iboti olib borildi. Shu mavzuda 500 nusxada badiiy-publitsistik kitob-qo‘llanma chop etildi.
Tizimda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish borasida “Agentlik direktori kubogi” mini-futbol chempionati, “Agentlik shohsupasi” shaxmat turniri, sportning 8 ta turi bo‘yicha sport musobaqalari tizimli tashkil etildi. Xotin-qizlar va ayollarning huquqiy bilimlarini mustahkamlash va sohada ortirilgan tajriba almashish maqsadida “Arxiv malikalari” tanlovi, “Zakovat” intellektual o‘yinlari tashkil etildi.
Yil davomida arxiv ishi sohasida 160 ta “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari o‘tkazilib, unda arxiv ishi sohasini targ‘ib qilish, yoshlarga vatanimiz tarixi hamda arxivlarda saqlanayotgan tarixga oid mavzulardagi foto va arxiv hujjatlari namoyish etildi.
8 ta Konferensiya, 31 ta seminar, 28 ta davra suhbatlari, 29 ta ommaviy tadbirlar – aksiyalar, 6 ta respublika hamda 37 ta hududiy fotoko‘rgazmalar o‘tkazildi.
33 ta tizim tashkilotlarida rejaviy tartibda audit nazorat tadbirlari o‘tkazilib jami 516,848 mln. so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan bo‘lib, shundan 184,813 mln. so‘mi mahalliy byudjetga tiklangan, 3 ta tashkilotda aniqlangan 318,167 mln. so‘mlik kamchiliklar yuzasidan hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.
2026-yilda quyidagi ishlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24 noyabrdagi PF-228-son Farmoni bilan belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash.
O‘zbekiston milliy arxivida sinov tariqasida RFID texnologiyasini joriy etish maqsadida O‘zbekiston Milliy arxivi binosida RFID texnologiyasi qurilmalari olib kelish, sinov ishlari olib borish.
Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda loyiha-texnik hujjatlarni ishlab chiqish.Shuningdek, Mohirdev kompaniyasi bilan hamkorlikda arxiv hujjatlarining matnini tanib olish va metamaʼlumotlarni axborot tizimiga kiritish jarayonlarini avtomatlashtirish imkonini beruvchi sunʼiy intellektga asoslangan dastlabki dastur ishlab chiqish, uni tegishli axborot tizimi bilan integratsiya qilish va sinovdan o‘tkazish.
Hindiston, Vetnam, Iordaniya, Afg‘oniston, Italiya, Polsha, Xitoy arxiv muassasalari bilan hankorlik aloqalarini o‘rnatish va hamkorlik hujjatlarini imzolash.
Rossiya Federatsiyasi Perm davlat ijtimoiy-siyosiy tarixi arxivi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonlik mehnat armiyachilarining jasorati” mavzusidagi qo‘shma arxiv hujjatlari to‘plamini nashr etish va taqdimotini o‘tkazish.
Belarus Respublikasi Adliya vazirligi Arxivlar va ish yuritish boshqarmasi bilan hamkorlikda “Arxiv hujjatlaridan foydalanish” mavzusi bo‘yicha xalqaro ilmiy-amaliy seminarni o‘tkazish. Vengriya Milliy arxivi bilan hamkorlikda arxiv ishi sohasiga doir kelishilgan mavzuda davra suhbatini o‘tkazish. O‘zbekiston Respublikasi arxiv muassasalari xodimlarini Belarus Respublikasi va Vengriya arxiv muassasalarida tajriba almashish maqsadida stajirovkasini amalga oshirish.
Tatariston Respublikasi Arxiv ishi bo‘yicha Davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda arxiv hujjatlari asosida “Avlodlar xotirasi: O‘zbekiston. Tatariston” mavzusidagi qo‘shma Internet-ko‘rgazma loyihasini amalga oshirish.
BAA grant mablag‘lari evaziga “O‘zbekiston Milliy arxivining yangi binosini qurish” loyihasi doirasida qurilish ishlarini boshlash.
Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizga murojaat qilmoqchimiz. Aziz yurtdoshlar! Agar davlat arxivlarida noqonuniy hatti-harakatlarning guvohi bo‘lsangiz “O‘zarxiv” agentligining 55-50-301-50 raqamli “Ishonch telefoni” yoki antikorarchivebot yohud https://t.me/direktorga_murojaat orqali xabar berishingizni so‘raymiz.
Eʼtiboringiz uchun rahmat salomat bo‘ling!
