O‘zbekiston Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivida “Professor Bahodirov Majidxon – o‘zbek tuproqshunoslik fani taraqqiyotining ilmiy meroslari va uning hozirgi global zamondagi ahamiyati” mavzusida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.
2025-12-09 16:30:00 / Yangiliklar

5 dekabr — “Butunjahon tuproq kuni” munosabati bilan O‘zbekiston Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivida “Professor Bahodirov Majidxon – o‘zbek tuproqshunoslik fani taraqqiyotining ilmiy meroslari va uning hozirgi global zamondagi ahamiyati” mavzusida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.
Seminarda O‘zIITH MA saqlovidagi shaxsiy fond asosida o‘z davrining yetuk olimi va ziyolisi, Vatani uchun tinmay ilmiy izlanishlar olib borgan hamda pedagogik faoliyati orqali uni yuksaltirishga munosib hissa qo‘shgan, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda hamda tuproqshunoslik va sharqshunoslik fanlari rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shgan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi”, professor Majidxon Bahodirovning hayot yo‘li, ijodi, ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi va ilmiy izlanishlari haqida so‘z yuritildi.
Seminarda Toshkent davlat agrar universiteti hamda Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti rahbariyati va professor-o‘qituvchilari, “M. Bahodirov” nomidagi stipendiatlar, Majidxon Bahodirovning oila aʼzolari, avlodlari va «Beruniy» fuqarolar yig‘ini faollari, arxivchilar va OAV ishtirok etishdi.
Seminar ishida o‘zbek tuproqshunos olimi “Majidxon Baxodirov” shaxsiy fondi arxiv hujjatlari ko‘rgazmaning ochilishi bilan boshlanib, arxiv bo‘ylab ekskursiya o‘tkazildi. Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan taqdim etilgan respublika hududlari tuproq namunalari ko‘rgazmaga qo‘yildi.
Seminarda Tuproqshunoslik va agrokimyo tadqiqot institutining bo‘lim mudiri, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor R. Kurvantayev, Toshkent davlat agrar universiteti o‘qituvchisi, biologiya fanlari doktori, professor N. Raupova, Toshkent davlat agrar universiteti o‘qituvchisi, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor B. Boltayev, O‘zbekiston Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivi bo‘lim mudiri, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) s. Muxamedova hamda talabalar o‘zlarining ilmiy maʼruzalari bilan ishtirok etdilar.
Tadbirda olim Majidxon Bahodirovning farzandlari Najiba aya Bahodirova, professor Roiq Bahodirovlar va avlodlari M. Baxodirovning shaxsiy sifatlari va farzandlarning tarbiyasiga bo‘lgan munosabati haqida so‘zlab berdilar. Xususan, qizlari N. Baxodirovaning otasi M. Baxodirov haqidagi samimiy va taʼsirli xotiralari, shu bilan birga inson hayot yo‘lini bezab turuvchi ibratli hikoyalari tinglovchilarda ilm-fanga bo‘lgan qiziqishlarini oshirdi. O‘g‘li professor R. Baxodirovning chiqishida esa ilmiy faoliyatning yuqori cho‘qqisiga erishishda otasi M. Baxodirovning talabchanligi va qo‘ygan tamal toshi bilan belgilanishi faxr bilan qayd etib o‘tildi. Ilmiy seminarda mashhur yozuvchi Mirzakalon Ismoiliyning nabirasi sanʼatshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori K. Sagdullayev ham ishtirok etib, o‘zining iliq fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Tadbirda Toshkent davlat agrar universiteti rahbariyati tomonidan O‘zbekiston ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxiviga o‘zaro hamkorlik va ilm-fan sohasidagi targ‘ibot ishlaridagi muvaffaqiyatlari uchun esdalik sovg‘asi topshirildi. Arxiv tomonidan esa hamkor tashkilotlar, M. Baxodirovning oila aʼzolari va barcha tashrif buyuruvchilar uchun esdalik sovg‘alari topshirildi.
Seminardan olingan ilmiy maʼlumotlar, xulosalar, muhokamalar, savol-javoblar bilan seminar ishi yakunlandi. Seminar ishtirokchilari tomonidan ilm-fan fidoyilari bo‘lgan olimlarning shaxsiy fondlarini arxivga doimiy saqlovga qabul qilish muhimligini eʼtirof etildi.






