Angor tumanidagi tashqi reklamalar tartibga keltirilmoqda
2026-04-11 13:30:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida Angor tumanida tashqi reklama vositalarini tartibga keltirish bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borildi.
Mazkur tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi hamda Angor tumani hokimligi hamkorligida tashkil etildi.
O‘rganishlar davomida hududda yo‘l chetlari, bino va inshootlar hamda maxsus konstruksiyalarda joylashtirilgan jami 179 ta tashqi reklama vositasi xatlovdan o‘tkazildi. Natijada ularning 66 tasi belgilangan tartibda pasport rasmiylashtirilmasdan, amaldagi qonunchilik talablariga zid ravishda o‘rnatilgani aniqlandi.
Xatlov jarayonida ishchi guruh tomonidan qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan tadbirkorlik subyektlariga reklama vositalarini o‘rnatish tartibi, pasport olish uchun elektron ariza topshirish jarayonlari hamda amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar talablari yuzasidan batafsil tushuntirish ishlari olib borildi.




