6. Davlat xaridlari va investitsiya loyihalari doirasida hamda ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish bo‘yicha tashkil etiladigan xarid komissiyalarining tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
Davlat xaridlarini amalga oshirish bo'yicha xarid komissiyasini tuzish haqida
Andijon viloyati hokimligida davlat xaridlarini amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Viloyat hokimligida mahalliy byudjet mablag‘larini ortiqcha sarflanishining oldini olish, arzon va sifatli tovar-moddiy boyliklarini xarid qilish, xarid jarayonlaridagi afillanganlik va korrupsion holatlarning oldini olish hamda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 22-apreldagi “Davlat xaridlar to‘g‘risida”gi O‘RQ–684-son Qonuni, Vazirlar Mahkamasining “Davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bog‘liq tartib-taomillarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida” 2022-yil 20-maydagi 276-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunning 6 va 25-moddalariga asosan,
QAROR QILAMAN:
1. Viloyat hokimligi, shahar va tuman hokimliklari hamda viloyat hokimligi tarkibidagi (huzuridagi) tashkilotlarda davlat xaridlarini o‘tkazish to‘g‘risidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
2. Andijon viloyati hokimligida davlat xaridlarini amalga oshirishda tanlov (tender) o‘tkazish bo‘yicha doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi xarid komissiyasi tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Xarid komissiyasi raisi (A.To‘lanov):
doimiy komissiya ish faoliyatini tashkil etish va Viloyat hokimligi, shahar va tuman hokimliklari hamda viloyat hokimligi tarkibidagi (huzuridagi) tashkilotlarda davlat xaridlarini o‘tkazish to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq xaridlarni shaffof va oshkora amalga oshirilishini ta’minlasin.
3. Xarid komissiyasi a’zolari:
tovarlar, ishlar va xizmatlarning davlat xaridini O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 22 apreldagi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘RQ-684-sonli Qonuni asosida amalga oshirsin;
davlat xaridlarini ko‘rib chiqish hamda tanlov o‘tkazish jarayonida holis bo‘lish va xarid qilish tartib-taomillarida g‘olibni tanlashdan shaxsan manfaatdor bo‘lmasligi haqida ogohlantirilsin;
xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarining takliflarini buyurtmaga muvofiqlik darajasi bo‘yicha holis baholashdan va tartibga solishdan hamda davlat xaridlari raqobatlashuv usullari orqali amalga oshirilganda g‘olibni tanlashda xarid komissiyasi faoliyatining shaffofligini ta’minlasin;
har bir o‘tkazilgan tanlov yakunlari bo‘yicha xarid komissiyasi yig‘ilish qarorlarini bayonnoma orqali rasmiylashtirsin.
4. Belgilansinki:
xarid komissiyasi ishining asosiy maqsadi, xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarining takliflarini buyurtmaga muvofiqlik darajasi bo‘yicha xolis baholashdan va tartibga solishdan hamda davlat xaridlari raqobatlashuv usullari orqali amalga oshirilganda g‘olibni (g‘oliblarni) tanlashdan iborat;
xarid komissiyasining har bir a’zosi ovoz berishda yoqlab ovoz berishi, qarshi ovoz berishi yoki unda ishtirok etishdan bosh tortishi mumkin, xarid komissiyasining raisi ovoz berishda ishtirok etishdan bosh tortish huquqiga ega emas;
xarid komissiyasining majlislari xarid komissiyasi a’zolari hozirligida yuzma-yuz o‘tkaziladi. Zarur hollarda, majlislar videokonferensiyalar (telekonferensiyalar va hakozolar) shaklida ham o‘tkazilishi mumkin;
tanlashni o‘tkazishda xarid komissiyasi a’zolarining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lishi shart;
xarid komissiyasining ishiga rais rahbarlik qiladi, u xarid komissiyasi majlislarini chaqiradi va olib boradi, ovozga qo‘yishni va xarid komissiyasi tomonidan qabul qilingan qarorlarni e’lon qiladi, shuningdek xarid komissiyasi majlislarining bayonnomalarini imzolaydi. Xarid komissiyasi raisi yo‘qligida uning vazifalarini rais o‘rinbosari bajaradi;
eng yaxshi takliflarni tanlashni va tenderni elektron shaklda o‘tkazish chog‘ida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalaridan foydalangan holda masofadan turib ovoz berish huquqiga ega;
belgilangan tartibga muvofiq, ovozlar teng bo‘lib qolgan taqdirda xarid komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi;
Xarid komissiyasining ishchi organi vazifasini viloyat hokimligining Ishlar boshqarmasi amalga oshiradi.
5. Tovarlar, ishlar va xizmatlarning xaridlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan tanlov ishlarini amalga oshirishda ishtirokchilarning afillanganlik va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, shaffoflik va ochiqlik tamoyillari asosida o‘tkazilishi, qabul qilayotgan qarorlarning asosliligi va beg‘arazligi uchun shaxsiy javobgarlik xarid komissiyasi raisi va a’zolari zimmasiga yuklatilsin.
6. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 sentyabrdagi PQ–3953-son qarori ilovasi bilan tasdiqlangan “Davlat buyurtmachilari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ro‘yxatining 23-bandi talablari asosida viloyatning viloyat byudjeti zaxira fondidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) summasi bir shartnoma bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari miqdoridan oshmaydigan tanlash xarid komissiyasining ishtirokisiz o‘tkaziladi.
Bunda:
xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) summasi bir moliya yilida bazaviy hisoblash miqdorining besh yuz baravari miqdoridan oshmasligi kerak;
g‘olib viloyat hokimligi tomonidan tanlov o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’lonni joylashtirmasdan, ochiq axborot manbalaridan olingan narxlarni solishtirish yo‘li bilan yoki tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) potensial yetkazib beruvchilaridan narxlarni so‘rash yo‘li bilan aniqlanadi;
rasmiylashtirilgan hujjatlar, tuzilgan shartnomalar va ularga doir qo‘shimcha kelishuvlar to‘g‘risidagi axborot ular rasmiylashtirilgan yoki tuzilgan sanadan e’tiboran uch ish kunidan kechiktirmay viloyat hokimligining elektron tizim operatori tomonidan maxsus axborot portaliga joylashtiriladi.
7. Viloyat hokimligining Ishlar boshqarmasi (S.Turg‘unov) davlat xaridlari orqali o‘tkazilgan tanlov (tender) yakunlari bo‘yicha g‘olib bo‘lgan sub’ektlar bilan shartnoma tuzishda, majburiy ravishda viloyat hokimligining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat sho‘basi, ichki audit va yuridik xizmatining tegishli ijobiy xulosasi (vizasi) olingandan so‘ng, shartnoma imzolanishini ta’minlasin.
8. Xarid komissiyasi a’zolari hamda davlat xaridlari elektron tizimining operatori (N.Egamberdieva)ga:
ichki tanlov yoki elektron tarzda o‘tkaziladigan tanlov (tender) jarayonlarida ishtirokchilar tomonidan taqdim etilgan takliflarni ko‘rib chiqishda ularning o‘zaro afillanganligi holatini tekshirish;
xarid jarayonlarida affillanganlik holatlari aniqlansa yoki manfaatlar to‘nashuvini keltirib chiqarsa, ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatish majburiyati yuklatilsin.
9. Viloyat hokimligining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat sho‘basi (M.Raxmanov):
tanlov o‘tkazish jarayonida ishtirokchilarning takliflarini buyurtmaga muvofiqlik darajasi bo‘yicha xolis baholash hamda davlat xaridlari raqobatlashuv usullari orqali amalga oshirilganda g‘olibni (g‘oliblarni) tanlashda xarid komissiyasi faoliyatining shaffofligi bo‘yicha nazoratni kuchaytirish choralarini ko‘rsin;
xarid komissiyasi tomonidan afillanganlik holatlari tekshirilmasdan, raqobat muhitini cheklashga qaratilgan, manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini keltirib chiqaradigan xaridlar amalga oshirilgan taqdirda, mas’ul shaxslarga tegishli chora ko‘rish yuzasidan viloyat hokimiga taklif kiritib borsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari A.To‘lanov zimmasiga yuklansin.
1-ilova
Viloyat hokimligi, shahar va tuman hokimliklari hamda viloyat hokimligi tarkibidagi (huzuridagi) tashkilotlarda davlat xaridlarini o‘tkazish to‘g‘risidagi
Nizom
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Andijon viloyati hokimligi, shahar va tuman hokimliklari hamda Andijon viloyati hokimligi tarkibidagi (huzuridagi) tashkilotlarda tashkil etiladigan tanlov (tender) o‘tkazish bo‘yicha xarid komissiyasining (keyingi o‘rinlarda – “Xarid komissiyasi”) vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligi va faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Xarid komissiyasi xarid qilish tartib-taomillari g‘olibini tanlash to‘g‘risida qarorlar qabul qilish vakolatiga ega bo‘lgan kollegial organdir.
Xarid komissiyasi ishining asosiy maqsadi ishtirokchilarning takliflarini buyurtmaga muvofiqlik darajasi bo‘yicha xolis baholashdan hamda davlat xaridlari raqobatlashuv usullari orqali amalga oshirilganda g‘olibni (g‘oliblarni) tanlashdan iborat.
3. Xarid komissiyasi Andijon viloyati hokimligi, shahar va tuman hokimliklari hamda Andijon viloyati hokimligiga tarkibidagi (huzuridagi) tashkilotlar (keyingi o‘rinlarda – tashkilot) huzurida doimiy faoliyat ko‘rsatadi, Tashkilot rahbarining tegishli farmoyishi (buyrug‘i, qarori) bilan shakllantiriladi.
4. Xarid komissiyasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari, boshqa qonun hujjatlari, Tashkilot rahbarining tegishli farmoyishlari (buyrug‘i, qarori), topshiriqlari hamda ushbu Nizomga amal qiladi.
5. Xarid qilish tartib-taomillari:
Xarid komissiyasi vakillari, zarur bo‘lgan taqdirda ovoz berish huquqiga ega ekspertlar jalb etilgan holda shakllantiriladi;
davlat xaridlari Tashkilotning byudjet hamda byudjetdan tashqari jamg‘armalarning mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
2-bob. Xarid komissiyasining asosiy vazifalari
6. Xarid komissiyasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
tanlov (tender) hujjatlarini kelishish;
takliflar qabul qilinadigan muddatlarni belgilash;
takliflarni ochish tartib-taomillarini belgilash;
takliflarni baholash mezonlarini belgilash va unga asosan baholash;
taklif kiritish tartibini, hajmini va uni ta’minlash shaklini belgilash;
xarid qilish tartib-taomili ishtirokchilarining takliflarini ochish;
malaka tanlovini o‘tkazish, agar tanlov (tender) hujjatlari shartlarida bu nazarda tutilgan bo‘lsa;
xarid qilish tartib-taomillarini qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirish;
xarid qilish tartib-taomillarining raqobatlashuv turlari ijrochisini va zaxira ijrochisini belgilash yoki savdoni amalga oshmagan deb topish.
Xarid komissiyasi qonun hujjatlari va ushbu Nizom talablaridan kelib chiqib boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.
7. Xarid komissiyasi xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ko‘rib chiqadi;
xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisining ta’sis hujjatlari va shartnoma tuzish vakolatini tahlil qiladi;
soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligini tekshiradi;
xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisiga nisbatan bankrotlik tartib-taomillari joriy etilmaganligini tekshiradi;
xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi haqida Insofsiz ijrochilar yagona reestrida ma’lumot mavjud emasligini aniqlaydi;
ochiq axborot manbalarida ehtimoli bo‘lgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida ma’lumotlar mavjud emasligi aniqlaydi;
xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisining rasmiy veb-saytidagi ma’lumotlarni tahlil qiladi;
Tashkilotning xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi bilan o‘zaro hamkorligi tarixini o‘rganadi;
xarid ishtirokchilarida shartnomani bajarish uchun zarur texnik, moliyaviy, moddiy, kadrlarga oid va boshqa resurslar mavjudligini tahlil qiladi.
xarid ishtirokchilarining o‘zaro affillanganligining tekshiradi;
manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi o‘rganiladi;
xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi sayti mavjudligi va undagi ma’lumotlarni o‘rganadi;
xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi tomonidan sodir etilgan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida ma’lumotlarni o‘rganadi;
korrupsiyaga qarshi hujjatlarni tekshiradi (taqdim etilgan yoki saytdagi) (agar mavjud bo‘lsa).
Mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘rganish Tashkilot tomonidan davlat xaridlarini amalga oshirish doirasida xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarini o‘rganish jarayoni bo‘yicha yo‘riqnomaga asosan amalga oshiriladi.
3-bob. Xarid komissiyasi ishini tashkil qilish
8. Davlat xaridlarini tanlov (tender) orqali amalga oshirish uchun doimiy faoliyat yurituvchi Xarid komissiyasi tuziladi.
Qonunchilikda boshqacha holat nazarda tutilgan bo‘lmasa, Xarid komissiyasining tarkibi tashkilot boshqaruv xodimlaridan tashkil etiladi.
9. Xarid komissiyasi toq sonli a’zolardan iborat bo‘ladi, uning a’zolari tarkibi va soni xarid qilish tartib-taomilining turiga bog‘liq bo‘ladi hamda olinayotgan tovarning (ishning, xizmatning) xususiyatlari inobatga olingan holda o‘zgartirilishi mumkin.
Bunda:
Davlat xaridini tanlash orqali amalga oshirish uchun davlat buyurtmachisining xodimlari orasidan kamida besh nafar a’zodan iborat tarkibda xarid komissiyasi tuziladi;
Davlat xaridini tender o‘tkazish orqali amalga oshirish uchun kamida yetti nafar a’zodan iborat tarkibda xarid komissiyasi tuziladi.
10. Xarid komissiyasining ishiga rais rahbarlik qiladi, u Xarid komissiyasi majlislarini chaqiradi va olib boradi, ovozga qo‘yishni va Xarid komissiyasi tomonidan qabul qilingan qarorlarni e’lon qiladi, shuningdek Xarid komissiyasi majlislarining bayonnomalarini imzolaydi.
Xarid komissiyasi Raisi quyidagi vakolatlarga ega:
Xarid komissiyasi majlislarini chaqirish va majlis kun tartibini belgilash;
Xarid komissiyasi qabul qilgan qarorlar bajarilishini nazorat qilishni tashkil etish;
Xarid komissiya a’zolari tomonidan o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalar bajarilishini muvofiqlashtirish;
Xarid komissiya a’zolari faoliyatini nazorat qilish;
Xarid komissiyasi samarali ishlashi uchun zarur bo‘ladigan boshqa choralarni qo‘rish.
11. Xarid komissiyasining majlisini rais, u bo‘lmagan taqdirda esa uning o‘rinbosari olib boradi. Agar majlisda xarid komissiyasi a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lsa, xarid komissiyasi vakolatli hisoblanadi. Shuningdek, Xarid komissiyasi a’zolari ishdan bo‘shaganda, uning o‘rnini shu lavozimga yangi ishga olingan xodim to‘ldiradi.
12. Xarid komissiyasining ishchi organi vazifasini Ishlar boshqarmasi amalga oshiradi.
13. Xarid komissiyasining tezkor faoliyati uning ovoz berish huquqiga ega bo‘lmagan mas’ul kotib tomonidan tashkil qilinadi.
14. Muayyan bir davlat xaridini amalga oshirish Xarid komissiyasi a’zolarida davlat xaridi ishtirokchisi bilan manfaatlar to‘qnashuvi yoki Xarid komissiyasi a’zolarining affillanganlik xususiyatiga ega aloqalar mavjudligini ko‘rsatuvchi holatlar aniqlangan taqdirda, bunday a’zoning ovozi mazkur masala bo‘yicha ovoz berish natijalaridan chiqarib tashlanadi.
15. Mazkur Nizomning 14-bandida ko‘rsatilgan shaxslarni Xarid komissiyasi tarkibiga kiritilishini oldini olish Xarid komissiyasi a’zolarini rad qilish va o‘zini o‘zi rad etish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
16. Mazkur Nizomning 14-bandida nazarda tutilgan shaxslar Xarid komissiyasi tarkibiga kiritilganligi aniqlanganda Komissiya raisi bunday shaxsni muayyan xaridni o‘tkazgunga qadar rad etish haqida qaror qabul qilishi shart. Komissiya a’zosini rad etish haqidagi qaror yozma shaklda rasmiylashtiriladi va rad etishga asos bo‘luvchi holatlar haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi lozim.
17. Ushbu Nizomning 14-bandida nazarda tutilgan qaror qabul qilingan taqdirda, shuningdek Xarid komissiyasi a’zosi o‘zini o‘zi rad etgan taqdirda yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda Komissiya a’zosi ma’lum xaridlar bo‘yicha Komissiya yig‘ilishlarida qatnashishga haqli emas.
18. Xarid komissiyasi a’zolarida ishtirokchilar bilan affillanganlik xususiyatiga ega aloqalar mavjud bo‘lgan taqdirda, xarid komissiyasining bunday a’zosi bu masala ko‘tarilgan majlisda o‘zini o‘zi rad etishi va mazkur masala bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etmasligi kerak, bu haqda bayonnomada qayd etiladi.
19. Mazkur Nizomning 11-bandida nazarda tutilgan kvorum mavjud emasligi tufayli Xarid komissiyasi a’zosini vaqtincha almashtirish zarur bo‘lganda Xarid komissiyasi a’zosini vaqtincha almashtirish haqidagi qaror Tashkilot rahbarining farmoyishi (buyrug‘i, qarori) bilan Xarid komissiyasi majlisi bayonnomasiga tegishli ma’lumotlar kiritilgan holda rasmiylashtiriladi.
4-bob. Xarid komissiyasi va a’zolarining huquq va majburiyatlari
20. Xarid komissiyasi quyidagi huquqlarga ega:
a) tanlov ishtirokchisidan uning malakaviy talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi dalillarni hujjat shaklida taqdim etilishini talab qilish;
b) o‘z qarori bilan quyidagilarga asosan tanlov (tender) ishtirokchilarini tanlovda (tenderda) ishtirok etishni davom ettirishdan chetlatish va ularning takliflarini ko‘rib chiqishni davom ettirmasdan qaytarib berishi mumkin:
insofsiz ijrochilar yagona reestrida tanlov ishtirokchilari haqidagi ma’lumotlar aniqlanganda;
tanlov ishtirokchilarda soliq va boshqa majburiy to‘lovlardan qarzi mavjudligi aniqlanganda;
agar tanlov ishtirokchisida qonunchilikni buzadigan tarzda adolatsiz raqobat ustunligi yoki manfaatlar to‘qnashuvi bo‘lganda;
agar tanlov ishtirokchisi tomonidan biron-bir harakatni sodir etishga, qaror qabul qilishga yoki tanlov savdolarini o‘tkazish jarayonida buyurtmachining muayyan bir xarid qilish tartib-taomilini o‘tkazishga ta’sir qilish maqsadida buyurtmachining hozirgi yoki avvalgi xodimiga yoki Xarid komissiyasining a’zosiga har qanday ko‘rinishdagi mukofotni bevosita yoki bilvosita taklif qilganda;
tanlov ishtirokchisi takliflarida O‘zbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlarida belgilangan talablarning, savdo ob’ektining tanlov hujjatlarida qayd etilgan shartlarning buzilishi aniqlanganda, shuningdek, noto‘g‘ri axborot taqdim etilganda;
agar tanlov ishtirokchisi qayta tashkil etish (ajratish, qo‘shish), tugatish yoki bankrotlik (mol-mulkini xatlash) jarayonida bo‘lganda;
ta’sis hujjatlari, moliyaviy jihatdan qatnashish, xolding yoki boshqacha shaklda tanlov ishtirokchilari bir-biriga tashkiliy-huquqiy yoki moliyaviy jihatdan bog‘liq bo‘lganda;
v) xarid tashabbuskori, tashkilotchisi, ixtisoslashtirilgan tashkilotdan ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha har qanday ma’lumot va hujjatlarni so‘rab olish;
g) tegishli organlar va tashkilotlardan xarid ishtirokchilarining xarid haqidagi hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiqligini aniqlash uchun zarur ma’lumotlarni belgilangan tartibda so‘rab olish;
d) tender/tanlov ishtirokchilariga u yoki bu taklifni rad etish sabablarini tushuntirib berish. Bunda takliflarning narx va ishlarni bajarish muddati bilan birga mazmunini o‘zgartiradigan tushuntirishlar berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
21. Xarid komissiyasining a’zolari quyidagi huquqlarga ega:
ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan barcha hujjatlar va ma’lumotlar bilan tanishish;
xarid komissiyasi majlislarining kun tartibidagi masalalar bo‘yicha so‘zga chiqish;
xarid jarayonida tuziladigan bayonnomalar mazmunining to‘g‘riligini tekshirish;
ovoz berishda yoqlab ovoz berishi, qarshi ovoz berishi yoki unda ishtirok etishdan bosh tortishi mumkin.
Xarid komissiyasining majlislarida o‘zining yozma fikrini bayon etish.
22. Xarid komissiyasining a’zolari quyidagilarga majbur:
uzrli holatlardan (vaqtincha mehnatga layoqatsizlik, xizmat safari va boshqa sabablar) tashqari Xarid komissiyasining majlislarida shaxsan ishtirok etish;
qonunchilikda belgilangan tartibga muvofiq xaridlarga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish tartib-taomillariga rioya qilish;
xarid qilish tartib-taomili ishtirokchilarini tekshirish bo‘yicha zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish;
mazkur Nizomning 14-bandida nazarda tutilgan biron-bir holatlar kelib chiqqanda, Xarid komissiyasi majlisining kun tartibiga kiritilgan masala bo‘yicha ovoz berishda qatnashmasligi, o‘zini o‘zi rad etishi va uning sabablari haqida komissiya raisiga xabar berishi;
o‘z vakolati doirasida xolisona qarorlar qabul qilish.
23. Xarid komissiyasining raisi quyidagi huquqlarga ega:
xarid komissiyasi ishiga umumiy rahbarlik qilish va mazkur Nizom talablari bajarilishini ta’minlash;
xarid komissiyasi majlisni vakolatli deb e’lon qilish;
xarid komissiyasining majlisini ochish va uni olib orish, tanaffuslar e’lon qilish;
muhokama qilinadigan masalalarni ko‘rib chiqish tartibini belgilash;
xarid komissiyasining a’zolari o‘rtasida davlat xaridlari ishtirokchisini tekshirish bo‘yicha vazifalarni taqsimlash;
zarurat bo‘lganda Xarid komissiyasi majlisiga, Xarid komissiyasining ishiga ekspertlarni jalb qilish haqidagi masalani muhokamaga olib chiqish;
davlat xaridlari ishtirokchisini tekshirish to‘g‘risidagi hisobotni o‘qib eshittirish;
xarid komissiyasining bayonnomasini tasdiqlash;
mazkur Nizomning 14-bandida belgilangan hollarda Xarid komissiyasi a’zolarini rad qilish haqida qaror chiqarish.
Xarid komissiyasining raisi ovoz berishda ishtirok etishdan bosh tortish huquqiga ega emas.
24. Xarid komissiyasi kotibi tashkiliy-texnik tavsifdagi funksiyalarni bajaradi, jumladan, Komissiya a’zolari tomonidan imzolanadigan bayonnomalarni yuritadi, Komissiya a’zolariga Xarid komissiyasining navbatdagi majlisi haqida avvaldan xabar beradi.
Majlisda Xarid komissiyasi kotibi ishtirok eta olmaganda uning funksiyalarini Xarid komissiyasi raisi tomonidan tayinlangan komissiyasi a’zolaridan biri bajaradi.
25. Xarid komissiyasi tomonidan o‘z vakolati doirasida qabul qilinadigan qarorlar barcha ishtirokchilar uchun majburiydir.
5-bob. Xarid komissiyasi tomonidan tanlov (tender) savdolarini o‘tkazish tartibi
26. Xarid komissiyasi o‘tkazilayotgan tanlov (tender) savdosi doirasida tanlovga (tender) oid takliflarni tayyorlash muddati haqida qaror qabul qiladi va takliflarni qabul qilishning so‘nggi muddatini belgilaydi. Xarid komissiyasi tanlovga oid takliflarni taqdim etish muddatini uzaytirish haqida qaror qabul qilishi mumkin.
Bunda takliflarni tayyorlash muddati maxsus axborot portalida va boshqa ommaviy axborot vositalarida birinchi e’lon berilgan vaqtdan boshlab o‘n kundan kam bo‘lmasligi kerak.
27. Xarid komissiyasi xarid qilish tartib-taomili ishtirokchisi tomonidan kiritiladigan tanlovga oid takliflarni kiritish tartibini, hajmini va kafolat turini (zakalat yoki bank kafolati) belgilaydi.
28. Xarid komissiyasi ishtirokchilarga tanlovda qatnashishiga ruxsat berish haqidagi masalani hal qilish maqsadida ular tomonidan taqdim etilgan materiallar asosida ishtirokchilarning malakaviy tanlovini o‘tkazadi.
Bunda quyidagi ishtirokchilarning tanlovda qatnashishiga yo‘l qo‘yilmaydi va bu haqda tegishli qaror qabul qilinadi:
qayta tashkil etish, tugatish yoki bankrotlik jarayonida bo‘lgan;
Tashkilot bilan sud yoki arbitraj orqali nizolashayotgan;
Insofsiz ijrochilar yagona reestrida mavjud bo‘lgan;
soliq va boshqa majburiy to‘lovlardan qarzi bo‘lgan;
Xarid komissiyasining boshqa tijorat va moliyaviy ko‘rsatkichlari bo‘yicha talablariga javob bermaydiganlar.
29. Xarid komissiyasi tanlovga oid takliflar bo‘lgan elektron tizim orqali yuborilgan takliflarni asosli baholash, ularni ko‘rib chiqish va ma’lumotlarni sir saqlash qoidalariga rioya qiladi.
30. Xarid komissiyasi tanlovga oid takliflar bo‘lgan elektron takliflarni ko‘rib chiqish vaqtini belgilaydi. Tanlovga oid takliflar bo‘lgan takliflarni ko‘rib chiqish Xarid komissiyasi tomonidan elektron raqamli imzo orqali tasdiqlagan tarzda amalga oshiriladi.
31. Xarid komissiyasi tanlovga oid takliflarni ko‘rib chiqish muddatini belgilaydi. Tanlov ishtirokchilarining takliflarini ko‘rib chiqish va baholash muddati takliflarni taqdim etish muddati tugagan vaqtdan boshlab o‘n kundan oshishi mumkin emas.
32. Takliflarni ko‘rib chiqish davomida ishtirokchilar taqdim etgan barcha hujjatlar va tijorat taklifining narxi shaffofligi tekshiriladi.
33. Xarid komissiyasi kelib tushgan takliflarni to‘g‘ri kelishini batafsil o‘rganish va xulosa tayyorlash maqsadida Xarid komissiyasi a’zolari, Tashkilot mutaxassislari orasidan ishchi guruh tuzishi mumkin, shuningdek, zarurat bo‘lganda manfaatdor vazirlik va idoralarning mutaxassislarini jalb qilishi mumkin. Komissiya tanlovga oid takliflarni baholash uchun ekspert va maslahat beruvchi tashkilotlar vakillarini jalb qilishi mumkin.
34. Xarid komissiyasi tanlov savdosi g‘olibi va zaxiradagi ishtirokchilar, shartnomani imzolash muddatlari haqida qaror qabul qiladi.
35. Xarid komissiyasi tanlovga oid takliflarni baholashni va Xarid komissiyasi tomonidan o‘rnatilgan mezonlar asosida g‘oliblarni aniqlashni amalga oshiradi. Taqdim etilgan tanlovga oid takliflarning qo‘shimcha texnik, tashkiliy va tijorat ustunligi, shuningdek, tanlov ishtirokchisining nufuzi inobatga olinishi mumkin.
36. Xarid komissiyasi taqdim etilgan takliflarning tanlov savdosini o‘tkazish tartib-taomilining shaffofligini ta’minlashi zarur.
37. Xarid komissiyasining barcha qarorlari Xarid komissiyasi a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lib qolganida Xarid komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi bo‘ladi.
38. Xarid komissiyasining barcha majlislari va qabul qilingan qarorlari bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnomalar Xarid komissiyasining hozir bo‘lgan a’zolari tomonidan elektron raqamli imzo bilan imzolanishi va Xarid komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanishi lozim.
39. Xarid komissiyasining har bir a’zosi Xarid komissiyasining ish jarayonida qaror qabul qilishi shart, qaror qabul qilishda betaraf bo‘lishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ovoz berish ochiq tarzda amalga oshiriladi. Yashirin tarzda ovoz berish va Xarid komissiyasining a’zolari tomonidan o‘z vakolatlarini boshqa shaxslarga berishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.
40. Xarid komissiyasi majlislarida tanaffuslarga yo‘l qo‘yiladi. Xarid komissiyasi majlisini bir kun davomida ko‘chirish tanaffus bo‘lib hisoblanadi. Xaridlarning ommaviy tartib-taomilini o‘tkazishda tanaffus e’lon qilishga faqat xaridlar lotlari orasida yo‘l qo‘yiladi.
41. Yengib bo‘lmas kuch holatlaridan tashqari Xarid komissiyasi majlisining muddatini boshqa kunga o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
42. Xarid komissiyasi quyidagi hollarda tanlovni o‘tmagan deb topadi:
tanlovda bitta ishtirokchi ishtirok etgan yoki bironta ishtirokchi ishtirok etmagan taqdirda;
takliflarni taqdim etish muddati tugaydigan kunga kelib tanlov ishtirokchilaridan ikkitadan kam takliflar kelib tushgan bo‘lsa;
kelib tushgan takliflar savdo ob’ektining tanlov hujjatlari shartlariga javob bermasa;
tanlov ishtirokchilari tomonidan taklif etilgan narxlar tanlov savdolarining eng yuqori bahosidan oshib ketsa.
6-bob. Xarid komissiyasining javobgarligi
43. Xarid komissiyasi ijrochini aniqlash tartib-taomillari davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqligi, o‘zi tomonidan qabul qiladigan quyidagi qarorlarning asoslantirilganligi va xolisligiga, jumladan:
Xarid komissiyasi tarkibida kvorum bo‘lmasdan turib qaror qabul qilganligi;
tanlov ishtirokchilari intellektual mulkining daxlsizligi yoki tijorat siriga bo‘lgan huquqi buzilganligi;
tanlov ishtirokchilarini tanlovni o‘tkazish tartib-taomillarida qatnashishdan asossiz chetlatilganligi;
yopiq ahamiyatga ega bo‘lgan tartib-taomilga oid masalalar natijalarini ochiq muhokama qilganlik va ko‘rib chiqqanlik, maxfiy axborotni oshkor qilganlik, tanlov ishtirokchilari yoki jalb etilgan mutaxassislar bilan til biriktirganlik, shuningdek, boshqa g‘ayrihuquqiy harakatlarni sodir etganlik;
Xarid komissiyasining ochiq majlisida tanlov g‘olibini aniqlaganlik, tanlov g‘olibini e’lon qilish tartib-taomilini buzganlik, hozir bo‘lmagan tanlov ishtirokchilariga o‘z vaqtida xabar bermaganlik uchun javobgar hisoblanadi.
44. Xarid komissiyasi tanlov (tender) g‘olibini ishtirokchilar orasidan aniqlash tartib-taomillari davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi, o‘zi qabul qilayotgan qarorlarning asosliligi va beg‘arazligi uchun javobgar bo‘ladi.
45. Xarid komissiyasi davlat xaridlarining boshqa sub’ektlari tomonidan amalga oshiriladigan harakatlar uchun javobgar bo‘lmaydi.
7-bob. Yakuniy qoidalar
46. Qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning buzilishida aybdor bo‘lgan xarid komissiyasi a’zolari O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq javobgar bo‘ladi.
2-ilova
Andijon viloyati hokimligida davlat xaridlarini amalga oshirishda tanlov (tender) o‘tkazish bo‘yicha doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi
xarid komissiyasi
TARKIBI
|
t/r |
F.I.Sh. |
Lavozimi |
|
1. |
A.To‘lanov |
Viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, komissiya raisi |
|
2. |
S.Turg‘unov |
Viloyat hokimligi Ishlar boshqarmasi boshlig‘i, komissiya raisi o‘rinbosari |
|
3. |
X.Qirg‘izboev |
Viloyat hokimligi moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari kotibiyati mudiri, komissiya a’zosi |
|
4. |
S.Yuldashev |
Viloyat hokimligining Tadbirkorlik guruhi rahbari, komissiya a’zosi |
|
5. |
Sh.Iminov |
Viloyat hokimligining xo‘jalik mudiri, komissiya a’zosi |
|
6. |
B.Xursanbaev |
Viloyat hokimligining g‘aznachisi, komissiya kotibi (ovoz berish huquqisiz) |
Izoh: Xarid komissiyasi tarkibidagi a’zolari boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan yoki boshqa sabablarga ko‘ra ishtirok eta olmagan taqdirda ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki uning vazifalarini bajarayotgan mas’ul shaxs komissiya a’zosi hisoblanadi. Xarid komissiyasi tarkibiga xarid qilib olinayotgan tovar-moddiy boyliklarning yoki ko‘rsatilayotgan ishlar (xizmatlar)ning turi bo‘yicha tegishliligi yuzasidan kompleks, boshqarma va tashkilotlar mutaxassislari yoki ekspertlar jalb etilishi mumkin.
