Universitetining yangi oʻquv binosi foydalanishga topshirildi
2025-02-20 14:35:00 / Yangiliklar

Andijon davlat universitetining 1 ming 800 oʻrinli yangi barpo etilgan oʻquv binosi foydalanishga topshirildi.
Universitet professor-oʻqituvchilari, talabalari, keng jamoatchilik vakillari, mehnat faxriylari ishtirokida yangi oʻquv binosining ochilishiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiya vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov, Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov soʻzga chiqdi. Ular tomonidan keyingi yillarda mamlakatimizda oliy oʻquv yurtlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, moslashtirilgan binolar qurish, mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotganligi, Andijon davlat universitetida yangi oʻquv binosining barpo etilishi ana shu yoʻnalishdagi ishlardan biri ekanligi taʼkidlandi.
Universitetning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan umumiy loyiha qiymati 45 milliard 444 million soʻmga teng, zamonaviy arxitekturaga ega, yetti qavatli yangi oʻquv binosi Andijon viloyatidagi “426-XIKMK” masʼuliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan barpo etildi. Yangi binoda 15 ta keng va qulay maʼruzalar zali, barcha qulayliklarga ega 24 ta laboratoriya, 17 ta oʻquv, 11 ta eng soʻnggi axborot kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan kompyuter xonalari, shuningdek, kutubxona, arxiv hamda oshxona mavjud. Oʻquv, laboratoriya xonalari interaktiv doskalar, zamonaviy oʻquv jihozlari bilan taʼminlangan.
Tadbir ishtirokchilari, mehmonlar oʻquv binosining imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi, ilmiy va amaliy darslar uchun barcha zarur jihozlar bilan taʼminlangan oʻquv auditoriyalar, fanlar laboratoriyalari talabalar uchun nafaqat bilim olish, balki innovatsion gʻoyalarni amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish, universitetning ilm-fan sohasida yanada yuqori marralarga erishishida muhim rol oʻynashi aytib oʻtildi.
Barcha qulayliklarga ega yangi binoda universitet talabalarining xalqaro andozalari darajasida bilim olishi, malakali mutaxassis boʻlib yetishishi, professor-oʻqituvchilarning samarali ish olib borishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan.
