Tomorqa va ijara yerlardan foydalanish boʻyicha Andijon tajribasi oʻrganildi
2025-02-19 15:00:00 / Yangiliklar

Andijonda “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan yangi tizim asosida aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali daromadlarini oshirish chora-tadbirlari” mavzusida respublika koʻrgazmali seminari boʻlib oʻtdi.
Seminarda vazirliklar, respublika tashkilotlari mutasaddilari, viloyatlar sektor rahbarlari, viloyatlar hokimlarining oʻrinbosarlari, tuman, shahar hokimlari, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari hamda respublikamizdagi ogʻir hudud deb topilgan mahallalarda ish olib borayotgan hokim yordamchilari, tijorat banklari boshqaruvchilari, Mahalla uyushmasi tuman, shahar boʻlimlari rahbarlari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar erta tongdan Andijon shahrida kutib olindi. Ular 7 ta guruhga boʻlingan holda Andijon viloyatining qator mahallalarida aholi tomorqasi va ijaraga olingan yerlardan samarali foydalanish boʻyicha olib borilayotgan ishlar, ilgʻor tajribalar bilan bevosita tanishidi.
Dastlab seminar ishtirokchilari Yangi Andijon shahri hududida tashkil etilgan “Zamonaviy eko bogʻ”ga ramziy daraxt ekish tadbirida ishtirok etdi. Ular tomonidan mazkur bogʻga manzarali va mevali daraxt koʻchatlari oʻtqazildi.
Shundan soʻng seminarning barcha guruhlar aʼzolari Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan yangi tizim asosida Andijon tumanidagi Sadda tagi mahallasida aholiga ijaraga berilgan yerlarda “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida toʻqsonbosti usulida ekilgan sarimsoqpiyoz yetishtirish, ichki bozorga yetkazib berish va eksport qilinishi jarayonlari bilan tanishdi.
Shuningdek, mazkur mahallada oʻz tomorqasidan samarali foydalanib, yuqori daromad olayotgan aholi xonadonlarida boʻldi.
Mahallaning Sadda tagi koʻchasida yashovchi Nodirbek Toʻpolonov xonadonida 3 sotix maydonda ikkita issiqxona qurilgan boʻlib, birida pomidor koʻchati yetishtirilmoqda. Ikkinchi issiqxonada esa rediska, ukrop, kashnich singari rezavor mahsulotlar yetishtirilmoqda.
Xonadon sohibi mehmonlarni ayni kunda issiqxonada olib borayotgan ishlari bilan tanishtirdi. Issiqxonadan yil davomida bir necha marta hosil olishi, amalga oshirayotgan ishlari, mahsulotlarni qanday tartibda sotishi, olayotgan daromadi haqida gapirib berdi.
Seminar ishtirokchilari mazkur mahalladagi xonadonlarda tomorqadan unumli va samarali foydalanish, yuqori daromad olish tajribalari bilan tanishdi, xonadon egalari bilan muloqotda boʻldi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), OʻzA muxbirlari.
