Andijonda migratsiya, kasb-hunar ta’limi va tadbirkorlik sohalarida xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi
2026-11-07 20:50:00 / Yangiliklar

Bugun Bobur shahrida viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov lider tadbirkorlar, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, texnikumlar rahbarlari hamda onlayn formatda 27 ta davlatdagi O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari vakillari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini tizimli tashkil etish, aholi, ayniqsa, yoshlarni talab yuqori bo‘lgan kasb va xorijiy tillarga o‘qitish, ularning bandligini ta’minlash hamda tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat bo‘ldi.
Muloqot davomida viloyat hokimi xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxona vakillari bilan birma-bir suhbatlashib, mehnat migratsiyasi sohasidagi mavjud holat, yuzaga kelayotgan muammolar va ularning yechimiga qaratilgan takliflarni tingladi. Xususan, xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni ishga joylashtirishda qonuniy va xavfsiz mexanizmlarni kengaytirish, talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar bildirilgan takliflar asosida kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar, hamkorlik yo‘nalishlari va amaliy chora-tadbirlar yuzasidan kelishib oldi.
Uchrashuvda, shuningdek, lider tadbirkorlar bilan texnikumlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasi ham muhokama qilindi. Bunda ishlab chiqarish korxonalari ehtiyojiga mos, amaliyot bilan uyg‘unlashgan kasbiy ta’lim tizimini shakllantirish, yoshlarning muayyan kasb va mutaxassisliklarni egallashi uchun zarur sharoitlar yaratish muhimligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, xorijiy mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lgan kadrlarni tayyorlash maqsadida til va kasb-hunarga ixtisoslashgan o‘quv markazlarini tashkil etish, ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini yo‘lga qo‘yish, biznes loyihalari va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Eng muhimi, ta’lim, tadbirkorlik va xalqaro hamkorlikni yagona tizim asosida bog‘lash orqali Andijonda aholi bandligini ta’minlash, inson kapitali salohiyatini yuksaltirish va yangi iqtisodiy imkoniyatlarni ishga solishga qaratilgan muhim qadamlar tashlanmoqda.









