Andijonda qishloq xo‘jaligi texnikalariga xizmat ko‘rsatuvchi yirik “Andijan Yashil Energiya” klaster markazi ish boshladi
2026-11-04 09:10:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va mexanizatsiya darajasini oshirish maqsadida Andijonda tadbirkorlar va fermerlarni zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash, ularni xarid qilishni moliyalashtirish hamda servis xizmatlarini ko‘rsatishni yagona tizimda birlashtirgan “Andijan Yashil Energiya” dilerlik markazi ochildi.
“O‘zavtosanoat” AJ, Andijon viloyati hokimligi, “Agrobank” ATB hamda “AgroTech Klaster” hamkorligida tashkil etilgan majmuaning ochilish marosimida Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlaridan soha mutasaddilari hamda fermerlar ishtirok etdi.
Mazkur majmua fermerlarga kompleks xizmatlarni “yagona darcha” tamoyili asosida taqdim etishga ixtisoslashgan.
Endilikda soha vakillari bir joyning o‘zida “AgroTech Klaster” brendi ostidagi texnikalarni xarid qilish, “Agrobank”ning imtiyozli moliyaviy xizmatlaridan foydalanish, kafolatli ta’mirlash va ehtiyot qismlarni sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Markazning muhim afzalliklaridan biri — maxsus jihozlangan avtomobillar orqali bevosita dalaning o‘zida tezkor ko‘chma texnik xizmat ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yilganidir. Bu esa qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida uzluksizlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, markazda soha uchun malakali kadrlar tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratilgan. Shu maqsadda Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti bilan hamkorlikda zamonaviy texnika operatorlarini tayyorlash hamda ularning amaliy ko‘nikmalarini oshirishga mo‘ljallangan maxsus o‘quv markazi tashkil etildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar markaz infratuzilmasi, texnikalar ko‘rgazmasi, ehtiyot qismlar ombori hamda ko‘chma servis avtomobillarining imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar.






