Izboskanda yangilangan oilaviy poliklinika foydalanishga topshirildi
2026-11-03 10:35:00 / Yangiliklar

Izboskan tumanining «Tuyachi» mahallasida joylashgan 27-sonli oilaviy poliklinika binosi Investitsiya dasturi doirasida kapital ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.
Tadbirda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, soha vakillari, nuroniylar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Yangilangan poliklinika hududdagi uchta mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi 13 ming 800 nafardan ortiq aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan.
Ayni paytda muassasada 60 nafardan ziyod tibbiyot xodimi faoliyat yuritmoqda. Oilaviy shifokorlar bilan bir qatorda, jarroh va ginekolog kabi tor soha mutaxassislari uchun ham alohida xonalar tashkil etilib, aholiga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, poliklinika zamonaviy ultratovush tekshiruvi apparati va boshqa diagnostika uskunalari bilan jihozlandi. Yaratilgan sharoitlar kasalliklarni barvaqt aniqlash, profilaktika va davolash ishlarini samarali tashkil etish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Muassasaning yangilanishi hudud aholisiga uzoq masofani bosib o‘tmasdan, yashash joyiga yaqin hududda malakali tibbiy yordam olish uchun qulaylik yaratdi.






