Bitiruvchi talabalar bandligi va kelgusi faoliyatiga bag‘ishlangan ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-10-29 14:30:00 / Yangiliklar

Bugun viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Andijon davlat tibbiyot institutining bitiruvchi talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Unda yosh mutaxassislarning kelgusidagi bandligini ta’minlash, ularni munosib ish o‘rinlariga joylashtirish hamda tibbiyot muassasalarini malakali shifokor kadrlar bilan ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Muloqot davomida, ayniqsa, viloyatning chekka hududlaridagi tibbiyot muassasalarida shifokorlarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash, yosh mutaxassislarni o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga yo‘naltirish va ular uchun zarur mehnat sharoitlarini yaratishga alohida e’tibor qaratildi.
Viloyat hokimi bitiruvchi talabalarning fikr-mulohazalari, taklif va murojaatlarini tinglab, ularni qo‘llab-quvvatlash, yosh kadrlarning kasbiy faoliyatini boshlashi uchun amaliy ko‘mak ko‘rsatish muhimligini ta’kidladi.
Muloqot davomida ayrim murojaatlar joyida hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish va muayyan muddat talab etadigan masalalar yuzasidan mas’ul rahbarlarga tegishli topshiriqlar berilib, ularning ijrosini qat’iy nazoratga olish vazifasi yuklatildi.
Bunday ochiq muloqotlar yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash hamda hududlarda tibbiy xizmat sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.









